Eron terma jamoasining Meksikaning Tixuana shahridagi mashg‘ulot bazasi stadioni yaqinidan chirigan holatdagi jasad topildi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, jasad qora qopga o‘ralgan bo‘lgan va unda zo‘ravonlik alomatlari aniqlangan. Ma’lum qilinishicha, Tixuana polisiyasi Kaliforniya raqamlariga ega kulrang Toyota avtomobilining yukxonasini ochgan. Avtomobil Eron terma jamoasi mashg‘ulot o‘tkazayotgan “Kaliyente” stadioni qarshisidagi supermarket avtoturargohida qoldirilgan bo‘lgan.
Tixuana prokuraturasi jasad patrul xizmati tomonidan aniqlanganini ma’lum qildi.
2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tmoqda. Eron terma jamoasi “G” guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, unda Misr, Belgiya va Yangi Zelandiya terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
AQSH bilan chegarada joylashgan Tixuana shahri ayniqsa xavfli hududlardan biri sanaladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda shaharda 1200 dan ortiq qotillik qayd etilgan.
AQSH bilan urush tufayli Jahon chempionatidagi ishtiroki murakkablashgan Eron terma jamoasi dastlab tayyorgarlik lagerini Arizona shtatida tashkil etishni rejalashtirgan edi. Biroq davom etayotgan keskinlik sabab jamoa Meksikaga ko‘chib o‘tdi.
Tixuanaga kelganidan buyon Eron terma jamoasi kuchaytirilgan xavfsizlik choralariga rioya qilmoqda. Futbolchilar mehmonxona va stadion o‘rtasida qurollangan harbiylar kuzatuvida harakatlanmoqda.