Deyl Karnegi o‘gitlariga ko‘ra, keskin va kritik vaziyatlarga, biroz vaqt o‘tib, keyin sovuq miyada reaksiya bildirish ko‘zda tutilgan! Ehtiroslarda bildirilgan fikr va sovuq miyada bildirilgan fikrlar orasida, ozgina bo‘lsa ham, ob’ektivlik nuqtai nazaridan qaraganda, farq bo‘ladi.
Oradan deyarli 2 kun o‘tib, men O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi jang (aslo to‘qnashuv emas) va bu jangda mag‘lub bo‘lgan tomon, O‘zbekiston MTJ qaysi omillar tufayli, shu jangda hisobda orqada qolganini 3 aspektda ko‘rsatib o‘tmoqchiman!
Demak, Yalla!
1. Omad Saudiyaliklarni xush ko‘rdi!
Bu o‘yinda “Fortuna xonim”, ko‘p jabhalarda saudiyaliklarga bir necha marotaba samimiy kulib boqdi!
Omad kuchlilarga kulib boqishini yaxshi bilaman, lekin 1 ta o‘yinda ko‘p kulishi ham yaxshi emas, omadni yengiltak deb o‘ylab qolinish xavfi bor.
Balkim, saudiyaliklar mahoratliroqdir, balkim ularni murabbiy Mesye Renar zo‘rdir, balkim ular mulloning zo‘ridan duo olib kelishgandir, bilmadim, lekin omad ularni o‘yin payti bir necha marotaba qo‘llab quvvatlaganini eslatib o‘taman:
A) Biz tomon belgilangan penalti 50/50 edi! Saudiyalik hujumchi, qo‘lini Ashurmatovni qo‘ltig‘iga tiqib, to‘p bilan oldinga intilyapti. Rustam ham uni tabiiy reflektiv holda bir qo‘li bilan ushlab, yakunda kordinasiyani yo‘qotib, yiqilayotgan joyida tanasi bilan shu hujumchiga urilib yerga yiqilyapti.
Lekin, hujumchi ham bir qo‘li bilan Ashurmatovni ushlab olib, uni erkin harakat qilishiga to‘sqinlik qilganini inobatga olsak, fol bu yerda har 2 tomonda kuzatildi.
Biroq, jabrlanuvchi hujumdagi tomon, fol himoya qilayotgan tomonga yozildi! Xo‘p, futbol qoidasida shunday yozilgan bo‘lsa, zorimiz yo‘q!
B) Hisob 1:1 bo‘lib turganda, Eldor Shomurodov to‘p bilan 3 o‘yinchini ortda qoldirib, raqib jarima maydoni ichigi kirishi bilanoq, raqib himoyachisi Al-Xabroniy (5-raqam) tomonidan “blok” bilan to‘xtatilgani 100% penalti emasmidi?!
Referi Sato bu vaziyatdan biroz uzoqroq bo‘lgani va vaziyat tez bo‘lib o‘tgani uchun, saudiyaliklarga omad kuldi! Lekin, yon chiziqdagi hakamlar-chi?!
Satoni bizga bergan penaltisi, bu bundan oldin Eldorni yiqitgani uchun berilmagan penalti uchun qarz degan fikrdan yiroqman!
Sababi Sayfiyev tomonidan tepilgan kuchli to‘p, raqib futbolchisi Ash-Shahroniy (13-raqam)ni reflektiv holatda o‘zini to‘pdan himoya qilish uchun tirsagi bilan havoda aniq qaytarilgandi! Bu penalti edi janoblar!
V) Ikkinchi golda saudiyaliklar sardori va shu o‘yin talqini bo‘yicha men uchun eng zo‘r futbolchi, “el-kapitano” Salmon al-Farajning 20 metrlardan chap oyoqda tepgan to‘pi, yo‘lda Aliboyevga tegib, trayektoriyasini o‘zgartirib, Suyunov turgan yaqin burchakga tushishi, Saudiya MTJsini har o‘yinida uchrab va o‘xshab turadigan gollar sirasiga kiradimi?!
Tasanno Al-Faraj, bu kutilmagan zarbangiz omadli chiqdi! Keyingi o‘yinlarda ham, 15, 20 metrlardan sizdan gollar kutib qolamiz!
2. Kech o‘yinchi almashtirishlar!
85-daqiqagacha 2:1 hisobda biz oldinda edik! Bungacha Abramov hisobni saqlab qolib, himoyaga ko‘proq e’tibor berishini nazarda tutib, chap qanotdan saudiyaliklarni o‘qqa tutib turgan Jaloliddin Masharipov o‘rniga maydonga Odil Hamrobekovni tushirdi.
O‘z o‘rnida mesye Renar, bungacha yarim himoyada 3 ta o‘zgarish qilib bo‘lgandi! Saudiyaliklar yarim himoyada yangi kuchlar ko‘pligi tufayli, markazni egallab, keskin hujumlar sonini ortirdi! Abramov esa yana zaxirada qolgan 2ta almashtirishni vaqtdan yutish uchun yoki bo‘lmasam, biroz charchagan Shomurodov o‘rniga himoyani kuchaytiradigan o‘yinchiga asrab qoluvdi!
Lekin, kutilmagan 2-gol, uning rejalarini o‘zgartirib yubordi va maydonga hujumni kuchaytirib, g‘alabani ta’minlash uchun Igor Sergeev tushirildi. Ammo, yarim himoyachilarimizni aksariyati, butun o‘yin davomida yuqori temp va kuchli pressinglar tufayli, ancha charchab qolishgandi.
Shu sabab ham, saudiyaliklarni yangilangan yarim himoyachilari tezlik bilan to‘pni olib qo‘yib, keskin hujumlarga zo‘r berishdi va yakunda 2-goldan qolishmaydigan “Kvalyarella” uslubidagi 3-gol 90-daqiqada darvozamizga kiritildi!
Mesye Erve Renar saudiyaliklarni qabul qilib olganiga 3 oy bo‘ldi, Abramov janoblari MTJni qabul qilib olganiga 1.5 oy ham bo‘lgani yo‘q! Shu yerda, vaqt jamoani shakllanishi uchun, juda muhim mezon ekanini eslatib o‘tmoqchiman!
Odil Ahmedovni himoyada o‘ynagani, Ashurmatovni MTJ darajasiga mos emasligi mag‘lubiyatni bosh omili emas, aksincha Abramov arsenalida markaziy himoya pozisiyasida sifatli, bo‘ydor, tajribali himoyachilarni tanqisligida edi! Fikrimga qo‘shilmasligingiz mumkin, tan olaman!
Sizga savol: ikkinchi va uchinchi gollar markaziy himoyadan urildimi?! Charchab qolgan yarim himoya va kech o‘yinchi almashtirish bunga sabab bo‘ldi!
3. Darvozabon – yarim jamoa!
Afsus va yana afsus, shu o‘yinda Suyunov nafaqat bu fikrni oqlay olmadi, balkim o‘yin davomida darvoza tomon yo‘naltirilgan 3ta eng xavfli zarbalarning 2tasini o‘tkazib yubordi! Eng xavfli deb men golga tortadigan zarbalarni nazarda tutdim, saudiyaliklarni uzoqdan tepgan sekin tezlikdagi zarbalarini emas!
Shomurodovning 3 o‘yinchini yorib o‘tib, katta tezlikda darvozabonni oyoqlari ostiga yo‘naltirgan zarbasi va shu zarbani qaytargan Al-Ovaysni seyvi, “xatira” zarba tasnifiga kiradi!
Fikrimni ochiqchasiga aytaman, men Suyunovni o‘yin boshidan nigohlarida, xatti-harakatlarida, qandaydir o‘ziga bo‘lgan ishonchsizlikni payqadim. Darvozamiz tomon qo‘yilgan penaltini tepilishidan oldin, hakam Satoni Suyunovga berayotgan ko‘rsatmalari payti, uni nigohida ishonchsizlik alomatlari yoki birinchi taym oxirida Ashurmatovni qaramasdan Suyunovga to‘pni xato oshirishi va to‘pga biroz oldin chiqqan Suyunovni, yonidan darvozaga qarab dumalab ketayotgan to‘pni jon jahdi bilan to‘xtatish o‘rniga, inersiya bo‘yicha dovdirab yugurib ketaverishi... Xayriyat Alijonov bu sharmandalikdan har ikki jamoadoshlarini o‘z aqtida yetib kelib qutqarib qoldi.
Suyunov yerdagi zarbalarni yaxshiroq qaytaradi, lekin uni reksiyasi MTJ darajasi uchun past! Penaltini bartaraf qilishga bo‘lgan uni harakati bunga misol! To‘p yo‘nalishi topildi, biroq tezlik yetmadi! Ha, penalti Al-Faraj tomonidan kuchli tezlikda tepildi, lekin zarba yo‘nalishi topildi, biroq reaksiya...
Ikkinchi golda sakradi qo‘llari yetmadi, kech reaksiya! Holbuki, to‘p Suyunovga yaqin burchakga qarab kirib ketgandi!
Uchinchi gol, sakradi, lekin sekin tezlikda tepilgan to‘pda ham reaksiya pand berdi!
Suyunovda oyoqlar bo‘sh va shu sabab tez va bo‘yiga xos ravishda uzoq masofaga sakray olmaydi! O‘zimizni tilda aytadigan bo‘lsam, chayir emas!
Misol, Xorxe Kampos, Gabeliya, Ochoalarni bo‘ylari ham uzun bo‘lmagan, lekin reaksiya va “prijok” perfekto darajasida bo‘lgan.
Xullas, Denis Ivankov va janob Abramov shu pozisiyani "remont" qilishi shart! Men Falastindan o‘tkazib yuborilgan gollarni eslamadim ham!
Mesye Renar, g‘alabaga saudiyaliklarni g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqlari va individual mahoratlari natijasiga erishilganini ta’kidlab o‘tdi! Yo‘q, mesye Renar, meni ma’zur tuting, men boshqa fikrdaman!
Umrida professional maqomida na to‘p tepgan, na murabbiylik qilgan kamina, mag‘lubiyatimizni omillarini shu yuqoridagi 3 aspektda ko‘rdim!
Lekin, men uchun shu o‘yinda, jamoamizni menga manzur bo‘lgan ijobiy 3 aspektini ham ko‘rdim va ichimdan quvondim!
Bular:
1. Pressing! 90 daqiqa pressing!
O‘yin boshidan har ikki jamoada, individual va jamoaviy aktiv pressing, yaqqol ko‘zga tashlandi. Har ikki tomon o‘yin debyutidanoq, to‘pga egalik qilish uchun, har bir qarich joy uchun ayovsiz kurashlarini ko‘rib, bugun jarima to‘plari va sariq kartochkalarga boy o‘yin bo‘ladi, degan fikr xayolimdan o‘tdi.
Yarim himoyamizning orqa planida Otabek Shukurov raqib hujumlarini “beton”lab turgan bo‘lsa, raqib o‘yinchilarga nisbatan bo‘ylari pastroq bo‘lgan “o‘zbekcha Lukas Torreyra” Sanjar Qodirqulov va mehnatkash Ikrom Aliboyev, saudiyalik novcha, chayir raqib himoyachilarga qarshi, qo‘rqmasdan qirg‘iydek to‘p uchun tarmashishdi va bu holatlar nafaqat ironik tabassumga, balkim birinchi golni kiritilishiga sababchi bo‘ldi.
Aynan Ikrom Aliboyev tomonidan uyushtirilgan pressing, texnik tomonlama tezkor bo‘lgan 13-raqamli raqib futbolchisi Ash-Shahroniyni adashishiga sabab bo‘ldi va to‘p kutilmaganda rikoshet orqali markaziy hujumda turgan Eldor Shomurodovga ideal tarzda kelib tushdi. Eldor to‘pni egallashi hamonoq, darhol zarba berib, darvazabonning yaqin burchagiga mohirona ishg‘ol qildi va... GOL!!!
Raqib darvozaboni zarbani mantiqan uzoq burchakga yo‘llashini kutgani uchun, kutilmagan kuchli zarba trayektoriyasidan, to‘pni deyarli qo‘llarini orasidan o‘tkazib yubordi!
Umuman jamoamiz, o‘yin davomida, pressing tempini tushirmasdan, to‘pni nazorat qilish uchun, kuchlari yetguncha harakat qilishdi! Individual texnikasi kuchli futbolchilarga ega jamoaga qarshi o‘yinlarda, bu usul effekt beradi!
Kecha bizga raqib bo‘lgan Saudiya terma jamoasi esa, nafaqat texnika yoki mahorat bobida, balkim o‘yinchilarni Transfermarket talqinidagi narxda ham, hozircha bizdan teparoqda turibdi!
2.Hujum faqat hujum!
“Oq bo‘rilar” bu o‘yinda “Sahro burgutlariga” qarshi hisobda oldinga borishiga qaramasdan, faqat hujum taktikasida o‘ynashdi.
To‘pni yo‘qotmaslikka harakat qilib, qanotlardan uzun paslar orqali Eldorni pas bilan ta’minlashga harakat qilib turishdi. Shu paslar markazdagi uzun bo‘yli “saudiyalik Yerri Mina” As-Sahafiy (№4) va Al-Xabroniy (№5) tomonidan havoni o‘zida bartaraf qilinib turildi. Aksincha, yerdan berilgan kesma o‘tkir paslar, Eldorni gavdasi orqali himoyachilarni surib, katta tezlikda oldinga yashinday o‘tib, hujumlarni xavfli zarba bilan tugashiga sabab bo‘ldi.
Abramovga hurmatim, aynan doimo effekt bermasa ham, hujum taktisidan chekinmasligidadir!
“Soya qaydan bo‘ladi, gujum bo‘lmasa
“Gol qaydan bo‘ladi hujum bo‘lmasa!”
3. Ishtiyoq! Azart!!!
Bilmadim kimga qanday, lekin yigitlarimizni o‘zini ayamay, oyog‘ini raqibidan olib qochmay, yiqilib bo‘lsa ham, oxirigacha kurashganlari, shaxsan men uchun shu o‘yindagi mag‘lubiyatni yuvib yubordi.
Ko‘pchilikda, futbolchilarimizda “Vatanparvarlik yo‘q!”, “Ularni qorni to‘ygan, yutsa ham yutqazsa ham pulini zo‘r olaverishadi” kabi fikrlari har xil platformalarda ko‘zga tashlanib turadi. Asosan, klubidan katta oylik va bonus oladigan futbolchi, MTJ o‘yinlarida raqib bilan to‘p uchun kurashda, o‘z oyog‘ini jarohat olishidan olib qochmay, hatto aynan MTJ o‘yinlarida oyog‘i sinishgacha borayotgan bo‘lsa (Otabek Shukurov), men uchun shu aspektni o‘zi, ularni haqiqiy Vatanparvar maqomiga chiqaradi!
Va shuni unutmaylikki, saudiyaliklarni maydonga tushgan aksar futbolchilari, 1 yil oldin mundialda o‘ynab, katta bosim nima ekanligini tanasida his qilgan va Salohdek top o‘yinchiga ega Misr termasini mag‘lub etgan, ayrimlari esa, yaqinda Osiyo Chempionlar Ligasi finaligacha borgan, individual texnikasi yaxshi futbolchilardan tashkil topgan jamoa va aksincha, ko‘pchilik o‘ylashganidek, bizdan mahorat bobida kuchsiz jamoa emas edi!
Saudiyaliklarni Falastin va Yaman bilan 2 marta durang o‘ynaganini, bu jamoani biroz rekonstruksiya qilinish jarayoniga to‘g‘ri kelganligi yoki jamoada murabbiy almashganligiga emas, balkim o‘ziga xos siyosiy maqomidan kelib chiqqan “arab derbisi”ga bog‘lagan bo‘lardim. Ikkinchi davra o‘yinlari endi boshlanadi va men ushbu mintaqaviy “arab derbi”larida, syurprizlar yana uchrab qolsa, ajablanmayman.
Kecha yigitlarimiz bor budini berib jang qilishdi! Men ularni jangovor ruhini ko‘rib, yutqazganimizni jiddiy qabul qilmadim! Bilasizmi nimaga?
Shu yili BAAdagi Osiyo Kubogi-2019da guruhdagi Ummonga qarshi 1-o‘yinni ko‘rib, jamoamiz Eldor Shomurodov va Ignatiy Nesterovni sa’y-harakatlari tufayli g‘alabaga erishgan paytimizda ham, jamoaning o‘yini, ishtiyoqini ko‘rib, shu turnirdagi ijobiy yakun borasida katta shubhaga borgandim.
Sababi, Ummon o‘sha kuni bizdan ancha tez, mobil hujumlar uyushtirib, Ignatni mahorati evaziga kamida durangdan quruq qolgandi.
Milliy terma jamoamizga esa aytar so‘zim:
Yigitlar shu ishtiyoqni yo‘qotmanglar, nasib qilsa, hammasi iziga tushib ketadi! Biz muxlislar biroz injiq, tez o‘zgaruvchan kuchmiz! Yutsangizlar, sizlarga so‘zlarimizda, fikrlarimizda “Mundialga shu marta aniq chiqadigan va o‘ynashga arziydigan oltin jamoa!” degan epitetlarini qo‘yamiz, mabodo yutqazsangizlar, shu oltin epitetlarni tosh oynalarga qo‘shib, yer bilan bitta qilib yakson qilamiz!
Lekin, nima bo‘lishidan qattiy nazar, kechagi o‘yin uchun sizlarda g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq yo‘q degan fikrdan eng uzoq masofada turaman!
Aksincha, hisob bizni foydamizga 2:1 bo‘lib turganda, sizlar uchinchi to‘pni urish uchun oldinga intildinglar va saudiyaliklarni zaxiradan tushgan “svejiy” yarim himoyachilariga to‘pni oldirib qo‘yib 2 ta to‘p o‘tkazib yubordinglar!
“O‘yin unutiladi, hisob qoladi” degandi futbol metri V.Lobanovskiy va futbolga pragmatik qaraydigan futbol muxlislari shu fikrni qo‘llab-quvvatlashmoqda. Jang maydonidagi episentrini, o‘z yarim himoyasida ataylab ushlab turadigan, raqib jamoaga faqat qarshi hujumda gol urib, hisobni ushlab qoladigan Paragvay, Italiya, Argentina katenachchosidan ko‘ra, yutqazsak ham hujumlar qilib yutqazadigan Urugvay, Xorvatiya, Gollandiya, Braziliya futbol usuli menga afzalroq! Nasib qilsa biz shu sikldan albatta o‘tamiz! Qaysi o‘rin bilan o‘tishimiz boshqa savol, lekin o‘tamiz!
“Bu jamoa bu sikldan bir amallab o‘tishi bilan, mundial yo‘llanmasini hal qiluvchi keyingi siklda oxirgi o‘rinlarda qolib ketadi, sababi, mahorati past yoki Abramovni kuchi faqat shu siklga yetadi” degan fikrda bo‘lsangiz, meni javobim, agar yigitlar kechagiday o‘ynashsa “O‘tadi!” deb javob beraman! Nimaning hisobiga deysizmi?!
Abramovga ozgina vaqt kerak, jamoani markaziy himoya va darvoza chizig‘ini, ko‘nglidagiday rekonstruksiya qilib olish uchun! Shu ikki pozisiya tartibga keltirilsa, hammasi yaxshi bo‘ladi! Sababi yigitlarimizni botinida ham, zohirida ham ishtiyoq bor!
Ishtiyoq va tartib esa, mahoratdan ustun!
Olg‘a “Oq Bo‘rilar”!!
Furqat Qurbonov.
p.s.
Meni yuqoridagi birorta fikrimga qo‘shilmasligingiz mumkin, bu normal holat! Lekin bir narsani aniq bilaman, hatto qasam ichgan bo‘lsangiz ham, yer yuzini qaysi nuqtasida bo‘lmasangiz ham, shu jamoani o‘yinlariga befarq emassiz! Buni sababini esa, bilmayman!!
Omon bo‘linglar!