G‘olibona yurishni APLda ham davom ettirishga urinayotgan Xosep Gvardiola «Manchester Siti» tarkibini braziliyalik Gabriel Jezus bilan kuchaytirdi. Yosh iqtidor sohibining samarali o‘yinlari «Siti» muxlislariga chempionlik orzusini qaytarib berdi.
22 yanvar oqshomi. Asosiy raqiblardan biri bo‘lgan «Tottenxem»ga qarshi bahsda jamoa ikkita to‘p farqi bilan oldinga chiqib olgandi. Biroq «taqachilar» ham qisqa vaqt ichida muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘lishdi. Anchadan beri g‘alabaga erisha olmayotgan Gvardiola o‘yinning 83-daqiqasida yosh debyutantni maydonga tushirishga qaror qildi.
33-raqam ostida bahsga qo‘shilayotgan Gabrielda bir oz hayajon bo‘lsada, bor e’tiborini o‘yinga qaratgandi. Axir u Braziliyaning eng yaxshi futbolchisi, olimpiya chempioni sifatida «Manchester Siti» libosida ilk marta maydonga tushgach, jamoaning hujumlari yanada kuchaydi, xavfli vaziyatlar yuzaga keldi, hatto gol ham urildi. Biroq u o‘yindan tashqari holatda amalga oshirilgandi. Ana shu inobatga olinmagan gol Gabriel Jezusga tegishli edi.
«Bugun maydonga tushish, jamoadoshlarim va murabbiylarning ishonchini his etish men uchun juda muhim edi. Baxtga qarshi, gol urgan paytimda «ofsayd»da ekanman. Men uni nishonlamoqchi edim, stadion esa jim-jit. Lekin orzuim ro‘yobga chiqdi - men APLda maydonga tushdim», - dedi Gabi o‘yindan keyin.
Yigitcha qandaydir 8 daqiqa ichida o‘zi uchun 2ta va jamoadoshlari uchun bitta xavfli vaziyatni vujudga keltirdi. Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas Angliya kubogi doirasida «Kristal Pelas»ga qarshi boshlang‘ich tarkibda maydonga tushib, golga assistentlik qildi. Keyin Pep 19 yoshli shogirdini APL doirasida «Vest Xem»ga qarshi ilk daqiqadan «jang»ga tashladi. Jezus ustozining ishonchini oqlab, debyutini gol va samarali uzatma bilan nishonladi. Ingliz futboliga chaqmoqdek kirib kelgan braziliyalik vunderkind mutaxassislarning yuksak e’tirofiga ega bo‘la boshladi. «Gabriel tez orada «Siti»ning muhim a’zosiga aylanadi. Faqat moslashish uchun ozroq muddat talab etiladi. Jezus nimalarga qodir ekanligini «Tottenxem»ga qarshi bahsda namoyish etishi uchun 10 daqiqa yetarli bo‘ldi», - deydi hujumchining mashhur vatandoshi Roberto Karlos.
Gvardiola ham «Palmeyras»dan kelgan shogirdining «Vest Xem»ga qarshi o‘yiniga yuqori baho berdi: «Jezus - gol hidini avvaldan his qiladigan jangchi. To‘p uzatishda ham xatoga yo‘l qo‘ymaydi. Bugun oldingi chiziqqa uch nafar hujumchini tushirdim. Ularning o‘rtacha yoshi 20ga teng. Aynan shu futbolchilar - «Manchester Siti» kelajagi!»
Aksariyat yulduzlar singari Gabi ham futbolni 3 yoshidan boshlagan - San-Pauluning Jardim Peri tumani ko‘chalari yosh futbolchi uchun maydoncha vazifasini o‘tagan. «O‘zimdan katta bolalar bilan to‘p surish zavqidan faqat Ronaldinyo ishtirokidagi o‘yinlarni tomosha qilish uchungina voz kechardim»? - deydi Jezus. U 15 yoshida «Anangueru» tarkibida San-Paulu kubogi musobaqalarida to‘p surish orqali katta futbolga kirib keldi. «Palmeyras»dek nufuzli jamoaning e’tiborini o‘ziga qaratish uchun Gabiga ana shu o‘smirlar turnirining o‘zi kifoya qildi. Hatto transfer darchasining yopilib qolgani ham klub mutasaddilarini bu yo‘ldan qaytara olmadi. Gabi esa «Palmeyras»ning yoshlar jamoasida o‘ta sermahsul to‘p surib, skautlarning bejizga shoshib qolmaganliklarini isbotladi. Axir debyut mavsumdagi abadiy rekord (48 o‘yinda 54ta gol!) har qancha ovoragarchiliklar mashaqqatini unutib yuborish uchun yetarli emasmi?
Qizig‘i, ikki yil muqaddam asosiy jamoa quyi ligaga tushib ketish xavfi ostida qolgan, muxlislar yoshlar jamoasida navbatdagi tengsiz natijani (chempionatning 22 uchrashuvida 37ta gol!) qayd etgan Jezusni tarkibga chaqirishni talab qilishgandi. Amalda ham shunday bo‘ldi - uning ko‘magi bilan jamoa elitada qoldi. Keyinchalik Gabi «Palmeyras»ni 22 yil ichida ilk marta Braziliya «A» seriyasi g‘olibligiga olib keldi. Yozda hujumchi Neymar bilan birgalikda Braziliyani ilk marta Olimp cho‘qqisiga olib chiqqach, ko‘plab grandlar vakillari uni qo‘lga kiritish uchun yelib-yugurishdi. Ammo Gabi «Real», «Barselona», «Inter», «Bavariya» yoki boshqa nomdorlarni emas, aynan «Manchester Siti»ni tanladi. Shayx Mansur mamnuniyat bilan 32 mln. yevroni Braziliyaga, «Palmeyras» esa «yangi Ronaldo»ni Angliyaga jo‘natdi. Muxlislar bilan xayrlashar ekan, futbolchi ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Biroq ishqibozlar ham Jezusning holatini tushunib turar edilar - Gabi shunchaki boshqa jamoaga emas, balki dunyoning eng kuchli chempionati va eng yaxshi murabbiylaridan birining ixtiyoriga yo‘l olayotgandi.
«Siti» safida to‘p surishga oila a’zolarim, agentimning roziligi bilan qaror qildim. Moliyaviy jihatdan bundanda yaxshiroq taklif ham yo‘q emasdi. Ammo men Gvardiola bilan hamkorlik qilish imkoniyatlaridan voz kechmadim u - dunyodagi eng yaxshi mutaxassislardan biri. Shunday murabbiydan iliq fikrlar eshitganim bilan faxrlanaman. O‘yin uslubim unga yoqishi bilan ham. Endi ishonchni oqlashim lozim», - deydi Jezus.
«Siti»ning joriy mavsumdagi ishtirokini a’lo darajada, deb bo‘lmaydi. Dastlabki bahslarni shitob bilan o‘tkazgan jamoa hozirda zaiflashib qolgandek. g‘alabasiz o‘yinlar seriyasi hatto Gvardiolani o‘z malakasiga shubha bilan qarashga majbur etayotgandek. Buni qarangki, ana shu o‘ta murakkab pallada Jezus o‘ziga bildirilgan ishonchni oqladi - debyutantning «Suonsi» darvozasiga yo‘llagan ikki aniq zarbasi evaziga «shaharliklar» nihoyat, g‘alaba nashidasini surishdi vaqtdagi gol evaziga qo‘lga kiritilgan muhim uch ochko ularni uchinchi pog‘onaga olib chiqdi. E’tiborlisi, o‘z yurtidagi mahsuldorlikni braziliyalik vunderkind Angliyada ham davom ettirmoqda - 2 o‘yin, 3ta gol!
Jamoaning ishlari yurishmay qolgan kezlarda Serxio Agueroning Manchesterdan ketishi haqida gap-so‘zlar yuzaga keldi, Gvardiola o‘zining eng sermahsul shogirdi bilan yakkama-yakka suhbat o‘tkazdi. Boisi, hujumchining so‘nggi paytlardagi o‘z vazifasiga bo‘lgan munosabati murabbiyni qoniqtirmay qo‘ygandi. Qolaversa, argentinalik to‘purar ispaniyalik mutaxassisning taktik sxemasiga mos kelmayotgandi. Gabriel Jezus esa mashhur kasbdoshidan farqli o‘laroq, murabbiyni to‘la qoniqtiradi. U yuksak texnika, maydonni ko‘rish qobiliyati, kuchli zarbalar yo‘llay oladigan oyoqlar sohibi bo‘lish bilan birgalikda, universial o‘yinchi hamdir. Gabi uchun qaysi qanotda o‘ynashning farqi yo‘q, kerak bo‘lsa, hujumkor yarim himoyachi pozisiyasida ham o‘ynayveradi. Aguero esa faqat markaziy hujumchi pozisiyasida to‘p suradi. Bundan tashqari, jarohatlarga moyilligi yuqori.
Ehtimol, Gvardiolaning Aguerodan voz kechishiga hujumchining yetarli motivasiyaga ega emasligi ham sabab bo‘layotgandir. Har holda, argentinalik hujumchi APLda bir necha marta shohsupaga ko‘tarilgan. To‘g‘ri, hozircha YECHL Serxio uchun ushalmas orzu bo‘lib qolmoqda. Jezus esa Gvardiolaning har bir g‘oyasini qon-qoniga singdirishga shay, aynan shu murabbiydan saboq olish orzusi uni iliq Braziliyadan ayozli Manchesterga olib kelgan.
«Menga taqdir o‘ta noyob imkoniyat taqdim etganini yaxshi tushunaman. Lekin omaddan boshim aylanib qolyapti, degan fikrdan yiroqman. Chunki menga shunday tarbiya berishgan. Oliftagarchilikka toqat qila olmayman, bu odatimni o‘zgartirmoqchi ham emasman», - deydi yosh hujumchi.
Darvoqe, Gabining «Instagram»i-da qimmatbaho avtolar, tilla soatlar yoki shohona klublar yo‘q. Asosan, oila a’zolari, bolaligida bir ko‘chada to‘p surgan o‘rtoqlari joy olishgan. Yigitcha futbolni sevadi. Uni o‘zini eng suyukli mashg‘uloti, deb hisoblaydi. Yaqinlarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashi uchun imkoniyat bergan Yaratganga shukronalar aytib, yanada ko‘proq ter to‘kishga intiladi. APLdagi shafqatsiz raqobat esa uni mutlaqo cho‘chitmaydi: «Angliyada keskin o‘ynashadi, deysizmi? Men bolaligimdan beri o‘zimdan kattaroq, balandroq va kuchliroq raqiblarga qarshi to‘p suraman. Doimo ulardan yengilmaslikka intilaman. Hujumda tajovuzkorlikni xush ko‘raman. Mana ko‘rasiz, shu o‘yin uslubimni namoyish eta olaman».
Darhaqiqat, futbolchining so‘zi bilan ishi bir ekanligiga guvoh bo‘lib turibmiz. Aynan uning tashrifidan keyin «shaharliklar»da g‘oliblik uchun ishtiyoq paydo bo‘ldi. Shubha yo‘qki, «Siti»ning yangi umidi musobaqaga qo‘shimcha fayz, keskinlik baxsh etadi, g‘oliblik uchun murosasiz kurash yanada avjiga chiqadi.
33-raqam ostida bahsga qo‘shilayotgan Gabrielda bir oz hayajon bo‘lsada, bor e’tiborini o‘yinga qaratgandi. Axir u Braziliyaning eng yaxshi futbolchisi, olimpiya chempioni sifatida «Manchester Siti» libosida ilk marta maydonga tushgach, jamoaning hujumlari yanada kuchaydi, xavfli vaziyatlar yuzaga keldi, hatto gol ham urildi.
Ma’lumot o‘rnida
Ma’lumot o‘rnida
To‘liq ismi: Gabriel Fernandu de Jezus.
03.04.1997. San-Paulu, Braziliya.
Fuqaroligi: Braziliya.
Bo‘yi: 177sm. Vazni:73 kg.
Futbolchilik faoliyati (klublar):
«Palmeyras» (yoshlar) - 2012|2015.
«Palmeyras» (Braziliya)-2015|2016 (47 o‘yin, 16ta gol).
«Manchester Siti» (Angliya)- 2017 (3,3).
Erishgan natijalari:
Braziliya kubogi sohibi - 2015.
Braziliya chempioni - 2016.
Terma jamoadagi faoliyati:
Braziliya (U-21) - 2015 - (6,1).
Braziliya (U-23) - 2015- 2016 (11,5).
Braziliya terma jamoasi - 2016 (6,5).
Termadagi natijalari:
Olimpiada chempioni - 2016. Rio-de-Janeyro.