5 yanvar - 1 fevral kunlari BAAning 4ta shahrida Osiyo Kubogi - 2019 musobaqasi o‘tkaziladi.
O‘zbekiston terma jamoasi F guruhida Yaponiya, Ummon va Turkmaniston bilan bellashadi.
Ma’lumki, 6ta guruhda 1 va 2-o‘rinni egallagan, shuningdek, 3-o‘rinni egallagan jamoalardan eng yaxshi 4tasi pley-off bosqichiga, 1/8 finalga yo‘l oladi.
Reglamentdan ko‘rinib turibdiki, agar O‘zbekiston terma jamoasi Turkmanistonni mag‘lub etgan taqdirda ham, 3 ochko bilan guruhdan chiqish imkoniyatiga ega.
Endi terma jamoamizning pley-off bahslarida kim bilan to‘qnash kelishini chamalab ko‘ramiz.
1. O‘zbekiston guruhda 1-o‘rinni egallaydi
U holda biz 1/8 finalda YE guruhida 2-o‘rinni egallagan terma jamoa bilan duch kelamiz. Bu kvartetdan Saudiya Arabistoni, Qatar, Livan va KXDR terma jamoalari joy olgan. Katta ehtimol bilan Qatar guruhda 2-o‘rinni egallashi va bizga raqib bo‘lishi mumkin.
2. O‘zbekiston guruhda 2-o‘rinni egallaydi
U holda biz 1/8 finalda B guruhida 2-o‘rinni egallagan terma jamoa bilan duch kelamiz. Bu to‘rtlikdan Avstraliya, Suriya, Falastin va Iordaniya joy olgan. Katta ehtimol bilan Suriya guruhda 2-o‘rinni egallashi va bizga raqib bo‘lishi mumkin.
3. O‘zbekiston guruhda 3-o‘rinni egallaydi
Agar 3-o‘rinni egallagan 4ta eng yaxshi jamoalar safidan joy olsak, 1/8 finalda S yoki D guruhi g‘olibi bilan to‘qnash kelamiz.
S guruhida Janubiy Koreya, Xitoy, Qirg‘iziston, Filippin va D guruhida Eron, Iroq, Vyetnam, Yaman borligini inobatga oladigan bo‘lsak, katta ehtimol bilan bizga Janubiy Koreya yoki Eron duch keladi.
Albatta bu taxminlarimizda terma jamoalarning bugungi natijalari va kuchidan kelib chiqdik. Biroq, 2019 yil yanvar oyida ishtirokchilarning ahvoli qanday bo‘lishini bilmaymiz. To‘pning dumaloq, maydonning tekis ekanini inobatga oladigan bo‘lsak, favoritlardan boshqa terma jamoalar ham sensasiya taqdim qilib, taxminlarimizni o‘zgartirib yuborishi mumkin.