«Atletiko» hujumchisi Aleksander Syorlot va «Bavariya» yarim himoyachisi Leon Goreska «Milan»ga o‘tishga rozilik berishdi, deb xabar bermoqda La Gazzetta dello Sport.
Manbaning ma’lumotlariga ko‘ra, «Milan» Goreskaga yana bir mavsumga uzaytirish imkoniyati bilan uch yillik shartnoma taklif qilgan. 31 yoshli futbolchi o‘z kelajagi borasida JCH-2026 ga qadar bir qarorga kelishni istamoqda, biroq u «qizil-qoralar»dan Bundesliga mavsumi yakunlanishini va agar «Bavariya» u yerga yo‘l olsa, Chempionlar ligasi finaligacha kutib turishni so‘ragan.
Qayd etilishicha, Syorlot ham «Milan»ga o‘tishni xohlaydi, lekin u «Atletiko» bilan transfer borasida kelishib olishi kerak bo‘ladi. «Rossonerilar»ning dastlabki taklifi 20 million yevro va bonuslarni tashkil etishi kutilmoqda.
Goreska 2018 yildan beri «Bavariya» sharafini himoya qilib kelmoqda. Shu yozda 31 yoshli yarim himoyachi erkin agentga aylanadi.
Syorlot «Atletiko» safiga 2024 yilda kelib qo‘shilgan edi. 30 yoshli hujumchining klub bilan shartnomasi 2028 yilning yozigacha mo‘ljallangan.