YECHLning 2018|2019 yillar mavsumidagi hal qiluvchi bahsi Madriddagi «Vanda Metropolitano» stadionida bo‘lib o‘tishidan yaxshi xabardorsiz. Ha, 1 iyun oqshomida Angliyaning ikki nomdor klubi - «Liverpul» va «Tottenxem» aynan shu yangi arenada navbatdagi «shalpangquloq» uchun kuch sinashishadi. Stadion sohibi bo‘lmish «Atletiko» bu tarixiy voqeani nufuzli sov-rinning da’vogari sifatida kutib olish niyatida edi. Ammo jamoa «Yuventus» to‘sig‘idan o‘ta olmadi. Agar «matraschilar» klub futbolining bosh sovrinini qo‘lga kirita olganlarida, «Vanda Metropolitano»ning xalqaro sahifasi tarixiy zafar bilan ochilgan bo‘lardi. Lekin arenaning mezbonlikka loyiq topilgani ham «Atletiko»ning porloq kelajak sari dadil odimlayotganiga guvohlik beradi.
Oddiylik va Qulaylik uyG‘unligi
«Matraschilar»ning yangi arenalari oddiy, lekin shu bilan birga me’morchilik nuqtai nazaridan juda sarishta. Kosaning ichki muhiti borasida gap bo‘lishi mumkin emas: maydondagi bellashuv barcha nuqtalardan yaqqol ko‘rinib turadi. Hatto darvoza ortidagi tribunada ham o‘zingizni futbol bayramining markazida turgandek his etasiz. O‘rindiqlar qatorlari o‘rtasidagi masofa muxlislarga superqulaylikni ta’minlagan. To‘g‘ri, burchaklari dumaloqlangan tablo 67000 muxlis uchun biroz kichikroqdek. Lekin o‘yindan chalg‘itadigan hech qanday unsur yo‘q.
Stadionning tashqi ko‘rinishi hashamatli emas, ammo geometriya qonun-qoidalariga qat’iy amal qilgan holda bunyod etilgan. Mashhur me’morlar dastxati sezilib turadi. Ravon yo‘lka bo‘ylab «Metropolitano»ni aylanar ekansiz, asosiy tribunaning tomga tegay deb turgan nuqtasiga ko‘tarilganingizni sezmay qolasiz.
Inshootning tomi ham o‘ziga xos uslubda yaratilgan: barcha tribunalarni o‘z qanotlari ostiga olgan, lekin juda yengil. Stadionga metro orqali osonlikcha yetib olish mumkin: yer osti transportining 7-yo‘nalishida joylashgan stansiya «Estadio Metropolitano» deb ataladi. Qizig‘i shundaki, «Atletiko»ning asosiy yulduzi - Antuan Grizmann shu raqam ostida maydonga tushadi, yangi arenadagi dastlabki gol muallifi ham shu yigit.
Qizil-oq rangli futbolkalarni kiyib olgan muxlislar orasida 7-raqam sohiblari juda ko‘p. So‘nggi paytlarda «Real» o‘z raqiblarini qabul qiladigan «Santyago Bernabeu»ga kirish ancha oson bo‘lib qoldi. Lekin «matraschilar»ning yangi arenasida klub a’zolarining ko‘magisiz chiptaga ega bo‘lish g‘oyat mushkul. «Atletiko»da rasman ro‘yxatdan o‘tgan 130000dan ko‘proq muxlisning 49000 nafari mavsumiy abonementlar sohiblaridir.
«Vafot etsam, kafanim bayroQ bo‘lsin»
Metroning chiqish yo‘lagida muxlislarni «Atletiko»ning ulkan bayrog‘i qarshi oladi. Unga nazari tushgan kishining ko‘z o‘ngida esa «matraschilar»-ning janjalkash afsonasi - 2004 yilda yorug‘ dunyoni tark etgan klub sohibi va prezidenti Xesus Xil siymosi gavdalanadi. Uning davrida jamoa o‘z tarixidagi eng yorqin o‘yinlarini namoyish etib, «oltin dubl»ga erishgandi. O‘limi arafasida Xil shunday vasiyat qilgandi: «Vafot etsam, meni «Atletiko»ning bayrog‘iga o‘rang. Qabrtoshga esa quyidagi so‘zlarni yozing: «Bu yerga hammasi yaxshiroq bo‘lishi mumkin edi, deb hisoblaydigan ahmoq dafn etilgan».
Matbuot anjumanlariga timsoh bilan tashrif buyuradigan marhum prezident murabbiylarni almashtirishni yoqtirardi: «Murabbiyni iste’foga chiqarish - men uchun bir shisha pivo ichishdek gap. Istasam, bir yilda 20 shisha, kerak bo‘lsa, 100 shisha ichaman».
Hozirda «Atletiko» aksiyalarining asosiy qismi (48,8 foiz) don Xesusning o‘g‘li - Migel Anxel Marin tasarrufida. Boyligi 240 mln. yevroga baholangan biznesmen oilaviy fermerlik biznesini davom ettirmoqda.
«Matraschilar»ning amaldagi prezidenti - kinoprodyuser Enrike Sereso aksiyalarning 17,9 foiziga egalik qilmoqda. Qimmatli qog‘ozlarning qolgan qismini esa jamoa «Metropolitano»ga ko‘chib o‘tganidan ke-yin isroillik Idan Ofer Xitoyning «Vanda Grupp» kompaniyasidan sotib oldi.
Aksiyadorlar va homiylar sa’y-harakati bilan «Atletiko»ning yillik byudjeti 400 mln. yevroga yetdi. Uning asosiy qismi (293 mln.) futbolchilarga ish haqi sifatida sarflanadi. Bu miqdor «Real» va «Barselona»dagi xarajatlardan ikki baravar kam. Qolaversa, «roxiblankos»dagi ish yuritish tartibi ham boshqa jamoalarnikidan farq qiladi. Ya’ni, futbolchi shartnomasida uning transfer bahosi yozib qo‘yiladi. Masalan, anchadan beri «MYU»ning nishonida turgan Yan Oblakning bahosi 120 mln. yevro.
30 millionlik yer maydoni
«Metropolitano» avvalgi stadion - «La Peyneta» (Taroq) o‘rnida qad rostladi. Bu arena 90-yillar o‘rtalarida 2020 yildagi Olimpiada o‘yinlariga mo‘ljallab bunyod etilgandi. Biroq Madrid mezbonlik huquqi uchun raqobatda Tokioga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Chetida yengil atletikachilar yo‘lakchasi bo‘lgan maydon esa xaridorgir emasdi. «Atletiko» uni 30 mln.ga sotib oldi.
«Metropolitano» sayri bilimingizni oshiradi
Stadionning kirish-chiqish yo‘lakchasida «Ayiq va yertut daraxti» haykali nusxasiga duch kelasiz. Muxlislar uning fonida suratga tushishni yoqtiradilar. Haykalning asl nusxasi 1966 yilda Puerta-del-Sol maydoniga o‘rnatilgan, undan ham avvalroq Madrid gerbi va «roxiblankos» emblemasidan joy olgandi.
Yoqimtoy, lekin shu bilan birgalikda vahshiy bu jonivorning Ispaniya poytaxtiga qanday daxli bor ekanligi hanuzgacha mavhum bo‘lib qolmoqda. Aholi o‘rtasida turli rivoyatlar mavjud. Ayrim kishilar ayiq va yertutni hayvonot va nabotot olamining o‘zaro uyg‘unligi ramzi sifatida talqin qilishsa, boshqalar Katta Ayiq yulduzlar turkumining erkin aksi, deb hisoblashadi. Shahar va klub gerblarida tasvirlangan ayiq va uning atrofidagi 7ta yulduzni shunday talqin etadilar.
Umuman, ayiq «Atletiko» muxlislari uchun og‘riqli mavzuga aylangan. Chunki klub gerbda o‘zgarishlarni amalga oshirdi - jonivor odatdagidek muqaddas daraxtning o‘ng tomonidan emas, so‘l tomonidan joy oldi. Jamoaning yoshi ulug‘ muxlislari buni ma’naviy qadriyatlarning oyoqosti qilinishi sifatida qabul qilishdi va atributikaning yangi namunalarini xarid qilishdan bosh tortishdi. Ular hanuzgacha eski futbolkalarni kiygan holda, eskirgan yostiq va choyshablardan foydalanishga majbur bo‘lmoqdalar. Garchi «Atletiko»ning Nike bilan kelishuvi 2026 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lsada, Yevropa bozorini zabt etishga urinayotgan Puma o‘z xizmatlarini taklif etmoqda. Yagona asosiy shart bilan: Ayiqni chapdan o‘ngga olish!
«Matraschilar»ning eng yorQin yulduzi
Yirtqich «maymoq»ning o‘z o‘rniga qaytishi Diyego Simeone davrida yuz berishi ham mumkin. Garchi argentinalik mutaxassisning amaldagi shartnomasi 2022 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lsada, madridliklar uni osonlikcha qo‘yib yuborishmaydi. Chunki u «Atletiko»ning eng yorqin yulduzi. «Vanda Metropolitano» tribunalarini band etganlar hech kimga, urugvaylik sardor Diyego Godinga ham, Fransiyalik mergan Antuan Grizmannga yoki sloveniyalik mohir posbon Yan Oblakka ham Chologa ko‘rsatiladigan fidoyilikni, gulduros qarsaklarni tortiq etmaydilar. Hatto boshiga katakli qalpoq, oyog‘iga jigarrang etik kiyib olgan 80 yoshli oqsoqol ham suxandonning «Di-e-go, Si-me-o-ne!» degan xitobini eshitganida hassasiga tayangan holda o‘rnidan turib, murabbiyga ta’zim qiladi.
Janubiy amerikalik murabbiy «matraschilar»ni 2011 yildan beri boshqarib kelmoqda. Shu davr ichida u 7ta sovringa sazovor bo‘ldi. Jumladan, 2013|2014 yillar mavsumida «Barselona» va «Real»dek grandlarni ortda qoldirib, La Ligada g‘olib chiqdi, ikki marta YEL kubogini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, Simeone shogirdlari ikki marta YECHL finalida nufuzli sovrin ilinjida maydonga tushdilar. Biroq «roxiblankos» «Real» to‘sig‘idan o‘tolmadi.
Don Diyego o‘ziga xos jahon rekordi sohibi: u dunyodagi eng ko‘p maosh oladigan murabbiy. Cholo har oyda 3,3 mln. yevro ishlaydi! Murabbiylikka qadar «Atletiko»da to‘p surgani va chempion bo‘lganini qo‘shadigan bo‘lsak, «matraschilar» orasida unga tenglasha oladigan yulduz yo‘q ekaniga amin bo‘lamiz.
«Visente Kalderon» va osmono‘par binolar
«Mabodo bu so‘zlarim bilan kimnidir xafa qilib qo‘ysam, avvaldan uzr so‘rayman va o‘z fikrimni ro‘y-rost bayon etaman: ikki stadiondan birini tanlashga majbur etishsa, men «Visente Kalderon»ni tanlayman. U yerda kechirgan hayajonli damlarni, masalan, YECHLda «Real»ga qarshi kechgan oxirgi uchrashuvni unuta olmayman. Yana qachondir shunaqa ehtirosli bellashuv bo‘lishiga ishonmayman. Hatto sovrinlar ham uning o‘rnini bosa olmaydi. Balki hamma gap «Metropolitano»dagi me’morchilik yechimi bilan bog‘liqdir? Nima bo‘lganda ham, yangi arena tribunalaridagi tovushlarning futbolchilarga yetib borishi «Kalderon»dagidek emas. Raqiblarimiz ham o‘zlarini avvalgidek his etishmayotganini tan olishdi», - «Atletiko»ning 24 yoshli yarim himoyachisi Saul Nigesning e’tirofi jamoa uchun 1966-2017 yillar oralig‘ida boshpana bo‘lgan makonni yodga olishga undadi.
«Visente Kalderon» ekskursiyasi
Bu chindan ham o‘ziga xosligini boy bermagan qiziqarli sayohat. Hatto tarixiy inshootni buzish jarayoni boshlab yuborilgan hozirgi kunlarda ham stadion badanni titratib yuboradigan hissiyotlarni uyg‘otadi. Mansanares daryosi ustiga qurilgan ko‘prikdan u avvalgidek ko‘rinadi. Lekin yaqinroq borgach, «Kalderon» o‘zining so‘nggi kunlarini o‘tkazayotganiga amin bo‘lasiz: maydon devor bilan o‘rab qo‘yilgan, siniq oynali derazalar bino fasadini barbod qilib ulgurgan, devor ortidan «otboyka» bolg‘alarining tarillagan shovqini eshitiladi.
Yana bir necha yillardan keyin «Atletiko»ning sobiq arenasi o‘rnida ulkan turar-joy binolari qad ko‘taradi. «Roxiblankos» esa yangi oshyondan yuksak parvozni amalga oshirishga urinib ko‘radi. «O‘ylashimcha, vaqt o‘tishi bilan «Metropolitano» o‘zimizning qadrdon stadionimizga aylanadi. Texnologiya jihatidan u juda ajoyib arena. Faqat shu ovozi sal boshqacha», - dedi «Atletiko» ustozi suhbat so‘ngida.