Bilasiz, O‘zbekiston Professional futbol ligasi 2018 yilgi mavsumning har oyidan keyin to‘rt yo‘nalish bo‘yicha eng yaxshilarni aniqlab keldi: eng yaxshi murabbiy, eng yaxshi futbolchi, eng yaxshi darvozabon va eng chiroyli gol. Tashkil etilgan so‘rovnoma yakunlariga ko‘ra eng ko‘p ovoz to‘play olgan nomzodlar tashkilotning eng yaxshilar uchun atalgan statuetkalarini qabul qilib olishdi.
2019 yilgi mavsumda ham mazkur an’anani davom ettirilmoqda. Joriy yildan e’tiboran Tribuna.uz nashri oy laureatlarini aniqlashda axborot hamkori sifatida ishtirok etmoqda. Artel savdo belgisi esa oyning eng yaxshilariga o‘z smartfonlarini taqdim etib kelyapti.
Eng yaxshilarni aniqlash shartlari quyidagicha: Coca Cola Superliganing 14 klubi bosh murabbiylari hamda sardorlari ko‘rsatilgan nomzodlarni uchtalikka joylashtirib chiqadi. Dastlabki o‘rinda ko‘rsatilgan nomzod 3, mos ravishda keyingi ikki o‘rindagilar 2 va 1 ochkolik bo‘ladi. Shuningdek, Tribuna.uz nashri futbol muxlislari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Bunda muxlislar ovozi katta ahamiyatga ega bo‘lib, birinchi o‘rinni egallagan nomzod 6, mos ravishda keyingilar 4 va 2 ochkodan qo‘lga kiritadi. Yakunda eng ko‘p ball to‘plaganlar oyning eng yaxshilari sifatida e’tirof etiladi.
Ortda qolgan iyul oyida Coca Cola Superligada 2 ta tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Mazkur uchrashuvlar davomida bir qator jamoalar mazmunli o‘yin namoyish etib, muxlis-u mutaxassislar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Oyning eng yaxshilarini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan so‘rovnoma yakunlariga ko‘ra, “Paxtakor” jamoasi a’zosi Jaloliddin Masharipov (2 o‘yin, 1 gol + 2 assist) eng ko‘p ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi va iyul oyining eng yaxshi futbolchisi deya e’tirof etildi.