O‘zbekiston Superligasining 6-turidan o‘rin olgan uchrashuvda «Qo‘qon-1912» o‘z maydonida «Nasaf»ni qabul qildi. Keskin va voqealarga boy o‘tgan bahs 1:1 hisobida yakunlandi.
O‘yinning ilk daqiqalarida tashabbus mezbonlar tomonida bo‘ldi. Qo‘qonliklar bir qator xavfli hujumlar uyushtirdi — Gulyamov va Gadoyevning zarbalari raqib darvozasiga xavf soldi, ammo hisob ochilmadi. Birinchi bo‘lim davomida mezbonlar ustun ko‘ringan bo‘lsa-da, ular o‘z imkoniyatlaridan foydalana olmadi.
Ikkinchi bo‘limda esa o‘yin manzarasi o‘zgardi. 54-daqiqada «Nasaf» himoyadagi xatodan foydalanib hisobni ochdi. Bobur Abduxoliqov mavsumdagi ilk golini urdi — 0:1.
Shundan so‘ng «Qo‘qon-1912» hujumlarni kuchaytirdi. Nimeli, Malikjonov va boshqa futbolchilar bir necha bor xavfli vaziyatlar yaratdi, biroq omad yetishmadi.
Uchrashuvning eng dramatik lahzalari so‘nggi daqiqalarga to‘g‘ri keldi. VAR orqali ko‘rib chiqilgan epizoddan so‘ng mezbonlar foydasiga penalti belgilandi. Shu vaziyatda «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘zqul Berdiyev hakam bilan bahslashgani uchun qizil kartochka oldi.
88-daqiqada Toma Tabatadze penaltini aniq ijro etib, hisobni tenglashtirdi — 1:1. Qo‘shimcha daqiqalarda har ikki jamoa g‘alaba uchun harakat qildi, biroq hisob o‘zgarmadi.
Shu tariqa, dramatik ruhda o‘tgan uchrashuvda jamoalar ochkolarni bo‘lishib oldi. "Nasaf"ning ochkolari 11 taga, "Qo‘qon-1912"niki esa 6 taga yetdi.
O‘zbekiston Superligasi, 6-tur
8 aprel 2026 yil.
«Qo‘qon-1912» — «Nasaf» 1:1
Gollar: Bobur Abduxoliqov, 54 (0:1), Toma Tabatadze, 88 (1:1, penalti)
Chetlatish: Ro‘ziqul Berdiyev, 85 (Nasaf)