Superliganing 4-turidan o‘rin olgan "Nasaf" hamda "Navbahor" jamolari o‘rtasidagi o‘yindan (2:2) so‘ng "lochinlar"ning ikkinchi goliga mualliflik qilgan Zabihillo O‘rinboyev quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi.
"Avvalambor futbol qaytgani bilan barchani tabriklayman. To‘g‘ri ancha muddat futbol o‘ynamadik va mashg‘ulotlar kam bo‘ldi, biroq birinchi o‘yin yaxshi kechdi. Kuchli raqibga qarshi munosib o‘yin ko‘rsatdik. Afsus, bu o‘yinda g‘alaba qozonish nasib qilmadi. Keyingi o‘yinlarda g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.
Bunday ajoyib o‘yinga muxlislar yetishmadi. Keyingi o‘yinlarda g‘alaba qozonib, albatta "Navbahor" muxlislarini xursand qilamiz.
Raqibga to‘xtaladigan bo‘lsam, "Nasaf" to‘pni yaxshni nazorat qildi. Qarshiliklar Superliganing eng yaxshi 5 jamoasidan biri hisoblanadi.
Har bir hujumchi maydonga gol urish uchun tushadi. To‘g‘risini aytsam, zaxiradan tushayotganimda gol urishimni sezgandim. Murabbiy meni hujumlarni ko‘paytirish uchun tushurgandi. Gol urganimdan xursandman.
Jamoadagi raqobat? Har bir jamoada raqobat bo‘ladi, xoh u legioner bo‘lsin, xoh mahalliy. Raqobat hamma uchun foydali. Raqobat bor joyda o‘sish bo‘ladi", -deydi O‘rinboyev.