Angliya terma jamoasi va «Manchester Yunayted» klublarining sobiq sardori Ueyn Runi qo‘l bilagidan jiddiy jarohat oldi. Endilikda u jarrohlik amaliyotini o‘tkazishi mumkin. 40 yoshli sobiq futbolchi Angliya kubogi final uchrashuvi paytidagi teleko‘rsatuvda qo‘liga gips bog‘langan holda ko‘rinish bergan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu noxush hodisa «Everton» klubi bazasida ko‘rsatuv suratga olinayotgan vaqtda yuz bergan. Suratga olish jarayonida Runi darvozaga turgan, liverpulliklar posboni Jordan Pikford esa unga qarab kuchli zarba yo‘llagan. Runi to‘pni qaytarishga muvaffaq bo‘lgan, biroq shundan so‘ng qo‘lida kuchli og‘riq his qilgan.
«Ko‘rib turganingizdek, «Everton» mashg‘ulotida darvozada turgandim. Mana bu seyvga e’tibor qarating. Zarbani qaytardim va qo‘limni shikastlab oldim. Shu sababli, dushanba kuni jarroh bilan uchrashaman. Operasiya zarur yoki zarur emasligi o‘shanda ma’lum bo‘ladi», — deya ta’kidlagan Runi BBC telekanali efirida.
Teleboshlovchi sifatida qatnashayotgan Angliya terma jamoasining sobiq himoyachisi Mayka Richards hamkasbining bu harakatiga hazil aralash munosabat bildirib: «Sen o‘zi qachondir ulg‘ayasanmi?» — deb so‘ragan. Runi esa bunga tabassum bilan: «Juda og‘riqli bo‘ldi, lekin hammasi yaxshi bo‘ladi», — deya javob qaytargan.
Shuningdek, Ueyn Runi olgan jarohati tufayli barmog‘i shishib ketgani va shu sababli vaqtincha nikoh uzugini ham taqolmayotganini qo‘shimcha qilgan.