Kuni kecha O‘zbekiston futbol assosiasiyasi Ijroiya qo‘mitasining o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar hisoboti va keyingi davrning dolzarb vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston futbol assosiasiyasi Prezidenti Abdusalom Azizov, O‘FA Ijroiya qo‘mitasi a’zolari va futbol mutaxassislari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda mamlakatimizda alohida o‘rin tutadigan futbol sport turini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan, o‘tgan 1 yil mobaynida O‘FA tomonidan bajarilgan ishlar bo‘yicha umumiy hisobot tinglandi.
Yillik hisobot qo‘mita a’zolari tomonidan muhokama etilib, ijobiy baholandi va istiqboldagi vazifalarni samarali tarzda amalga oshirish bo‘yicha takliflar berildi. Futbol marketingi sohasini yanada rivojlantirish, futbolimizga homiylarni jalb etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, Ijroiya qo‘mita yig‘ilishida O‘FA tuzilmasini OFK va UYEFA tavsiyalari asosida qayta ko‘rib chiqish va yangi tahrirda qabul qilish, hududiy futbol assosiasiyalarining namunaviy tuzilmasi va ustavini tasdiqlash masalalari tahlil etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Kun tartibidan OFK doimiy qo‘mitalaridagi O‘zbekiston Respublikasi nomidan vakil a’zolar tarkibini qayta tasdiqlash hamda FIFA tasnifidagi xalqaro musobaqalarini tashkillashtirish bo‘yicha yuqori tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarni assosiasiyaga ishga taklif etish masalalari joy oldi. Yana qator samarali hamkorlik loyihalari ham yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari PFL faoliyatiga ham bir qator yangiliklar kiritilishi, mahalliy birinchiliklarni kuchaytirish, muxlislarning chempionatga e’tibori va qiziqishini oshirish, yetakchi mamlakatlar tajribasidan foydalanish bo‘yicha takliflar o‘rganib chiqildi.