Coca Cola Superliga 6-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Turon” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv arafasida “lochinlar”ning tojikistonlik mahoratli yarim himoyachisi Ehsoni Panshanbe bo‘lajak o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Bo‘lajak raqibimiz “Turon” Superliganing yangi ishtirokchisi va turnir jadvali autsayderi bo‘lsa-da, har bir raqibga hurmat bilan qarash lozim.
Boisi, raqibni mensimaslik yaxshilikka olib kelmaydi. So‘nggi o‘yinlarda ijobiy natijaga erisha olmadik. Shu bois, bo‘lajak bahsda g‘alaba qozonish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.
Mazkur o‘yin muxlislarsiz o‘tkazilishi bois, jamoamizga oynai jahon orqali muxlislik qiladigan barcha ishqibozlarning g‘oyibona qo‘llab-quvvatlashlari va madadlarini his etgan holda, to‘p surib, ularga quvonch ulashishga harakat qilamiz.
Uchrashuv keskin kurashlar ostida, qiziqarli kechadi, degan umiddaman. Ta’kidlaganimdek, maydonga g‘alaba ishtiyoqida tushib, muxlislarga quvonch ulashamiz, degan umiddaman", — dedi Panshanbe.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.