Vinisius Junior joriy mavsumda «Real»ning eng muhim o‘yinchilaridan biri bo‘lmoqda. U Karim Benzemadan so‘ng "Qirollik klubi" tarkibida gol urgan futbolchi bo‘lib turibdi. Vaholanki, Vinisiusning o‘tgan mavsumdagi gollari soni u qadar ko‘p emasdi. Xo‘sh, bu mavsumda nima o‘zgardiki, braziliyalik futbolchi muvaffaqiyatli harakat qila boshladi?
Ispaniyaning "Diario AS" nashri bu borada tadqiqot o‘tkazib, Vinisiusdagi o‘zgarish sabablarini aniqlashga harakat qildi. Manbaga ko‘ra, futbolchi avvalo ovqatlanish rejimini o‘zgartirgan. "Real" futbolchisi o‘ziga oshpaz yollab, o‘z rasionini nazoratga oldi. Oshpaz tuxum, baliq, tovuq, mevalar, sabzovotlardan foydali taom tayyorlab bermoqda. Natijada Vinisius ulardan maksimal foyda olmoqda.
Bundan tashqari, Vinisius jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mashg‘ulotiga o‘zgartirish kiritdi. U Tyago Loboni murabbiylikka yolladi va u bilan birga ishlay boshladi. Futbolchi shaxsiy murabbiyini Rio-de-Janeyrodagi dam olish ta’tiliga ham olib bordi va ishlashda davom etdi.
Vinisius ushbu murabbiy bilan nafaqat maydonda, balki trenajyor zalida ham ishlamoqda. Futbolchining charchoqdan tiklanishida ushbu murabbiyning hissasi katta bo‘lmoqda.
Shuningdek, Vinisius uyqusining sifatli bo‘lishiga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Agar, futbolchi o‘z intizomini yuqori darajaga olib chiqmaganida, bularning samarasi yaxshi bo‘lmasdi.