"Manchester Siti" bosh murabbiyi Pep Gvardiola o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovning vaziyati haqida fikr bildirdi.
Fevral oyida Abduqodir Husanov "Siti"ning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri sifatida e’tirof etilgandi. Biroq, 30 mart kuni "Bornmut"ga qarshi kubok uchrashuvida taym oralig‘ida almashtirilganidan so‘ng, maydonda ko‘rinmay qoldi.
Gvardiolaning ta’kidlashicha, jamoa yaxshi muvozanat topgan va Husanov uchun imkoniyatlar hali oldinda.
"Sabablardan biri — Husanov sariq kartochka olgandi va men tavakkal qilishni istamadim. Biz chap qanotni biroz kuchaytirmoqchi edik.
Niko [Gonsales] kutilganidan ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi, Yoshko [Gvardiol] esa himoya markazida o‘ynay boshladi.
O‘sha vaqtda jamoada jarohatlanganlar ko‘p edi. Ixtiyorimizda esa Vitor [Reys] va Husanov bor edi, lekin ular hali juda yosh.
Bu esa shunchaki asosiy tarkibdagi o‘rningni o‘z-o‘zidan kafolatlangan deb bilish mumkin emasligini va ertaga o‘ynaysan deb o‘ylash ham to‘g‘ri emasligini ko‘rsatdi", — dedi Gvardiola klub matbuot xizmatiga.