Monza yaqinida tug‘ilib, «Milan» akademiyasida kamol topgan yaqin o‘tmishning iste’dodli yarim himoyachisi Demetrio Albertini 17 yoshida, ya’ni mavsum-1988/1989da Arrigo Sakki boshqaruvidagi «rossonerlar» safida debyut qilgandi. Shu tariqa «qizil-qoralar» sharafini naq 14 yil muvaffaqiyatli himoya qilib, 5 marta skudetto va 2 marta CHL bosh sovrinini qo‘lga kiritgan futbolchi klub tarixida o‘chmas iz qoldirgan chin afsonalar qatoridan joy oldi. Ayni chog‘ «Parma» sport direktori va Italiya futbol federasiyasi (FIGC) vise-prezidenti lavozimlarida ishlayotgan Albertini joriy yozning boshida qadrdon jamoasiga qaytishi mumkin edi, ammo yakunda bu imkoniyatdan ochiq-oshkora yuz o‘girdi. Lekin bu uning «Milan»ga befarq ekanligini anglatmaydi. Mana, Demetrio La Gazzetta dello Sport nashri muxbirlari bilan suhbatda ham asosan hozirgi «Milan» haqida fikr almashdi.
- Demetrio, «Milan» yaqindagina Sa-muele Richchi bilan shartnoma tuzdi. Ushbu transfer haqida nima deya olasiz?
- Shaxsiy fikrimni aytaman, milanliklar ajoyib xaridni amalga oshirishdi. Bu bir necha yil oldin Tonalining transferiga sarflangan sarmoyani eslatib yubordi. Richchi uchun ham xursandman. Zero, bunday muhit, jonkuyar muxlislar, afsonaviy stadion va boy tarixga ega «Milan»dek klubda o‘ynash hammaga ham nasib etavermaydi. Samuele katta salohiyatga ega yigit va umidvormanki, «San Siro»da to‘p surish uning uchun buyuk maqsad sari boshlang‘ich nuqta sifatida xizmat qiladi. Qolaversa, jamoa ayni payt xuddi Richchidek muayyan xususiyatlarga ega futbolchiga rosa ehtiyoj sezayotgandi.
- Ko‘pchilik Richchi «Milan»da aynan Albertini versiyasini eslatib yuborayotganini ta’kidlamoqda. O‘zingizga ham shunday tuyulyaptimi?
- Samuelening ichki salohiyatidan kelib chiqib aytsam, ha. Bilasizmi, «Milan»dagi faoliyatim davomida hujum va himoyaga birdek qarashganman. Richchi ham xuddi shunday qilmoqda. Shuningdek, men uzun uzatmalardan ko‘p foydalanardim. Richchi esa o‘yin sur’atiga qarab, oqilona qarorlar chiqarishi bilan ajralib turadi.
- Albertini ham yangi mavsumda Luka Modrichning personal muxlislari qatoriga qo‘shilsa kerak-ov...
- Albatta. Modrich o‘yiniga qanaqasiga befarq qarash mumkin? Mutlaqo ishonchim komil, Luka jamoadagi eng tajribali futbolchi sifatida yosh iqtidorlarga beminnat yordam berishi barobarida ijobiy natijalarga munosib hissa qo‘shadi. Eshitishimcha, Modrich «Milan» taklifini qabul qilishdan oldin rahbariyat oldiga kuchli tarkib shakllantirish shartini qo‘yibdi. Shuning o‘zi u hali-hamon katta muvaffaqiyatlardan umidvor ekanligini ko‘rsatmoqda. O‘z tajribamdan yaxshi bilaman, bu kabi futbolchilar jamoa ruhiyatida alohida rolga ega bo‘lishadi hamisha.
- Lekin Modrichning pasportiga qarasak, u 39 yoshda...
- Menimcha, zamonaviy sportda yosh ko‘p narsani hal qilmaydi. To‘g‘ri, aksariyat hollarda ispancha futboldan boshqa uslubga birdan ko‘nikish qiyinroq. Mana, asosiy muammo qayerda? Lekin «Oltin to‘p» sohibining «Milan» uchun ham muhim «figura»ga aylana olishiga zarracha shubham yo‘q. Zero, u kiyinish xonasida yetarlicha motivasion nutqlarni tinglagan hamda maydonda eng og‘ir va muhim daqiqalarda o‘yinni qanday boshqarishni yaxshi biladi. Xullas, o‘ylaymanki, Fofana, Richchi va boshqa yarim himoyachilar Luka bilan yelkama-elka to‘p surish orqali kerakli tajriba to‘plab borishadi. Qisqasi, «Milan» munosib futbolchini o‘z safiga tortdi.
- «Milan» qolgan pozisiyalarga ham kuchli ijrochilarni jalb qilishni o‘ylamoqda...
- Transferlar oynasi yopilishiga hali vaqt bor. Agar jamoa avvalgi mevqeini tiklashni astoydil xohlamaganida, Modrich yoki Allegridek futbol darg‘alari xizmatiga murojaat qilmasdi. Demoqchimanki, jamoa hali yuqori darajali xaridlarni amalga oshirishda davom etadi.
- Keling, endi Allegri haqida gaplashaylik. Agar siz klub direktori bo‘lganingizda, uni «Milan»ga qaytararmidingiz?
- Albatta, chunki Maks bugungi kunda klubga taklif qilish imkoni bor barcha murabbiylar orasida eng muvaffaqiyatlisi va tajribalisi edi. Bundan tashqari, u «Milan» ruhiyatini keragidan ortiq darajada his qiladigan mutaxassisdir. To‘g‘ri, bunga qadar ikki buyuk murabbiy - Sakki va Kapelloning Milanelloga qaytishlari u qadar omadli chiqmagan. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, Allegri ajoyib mavsum o‘tkazish uchun barcha xislatlarga ega. O‘ylaymanki, u jamoa bilan hali muhim natijalar qayd qilish va yuqori marralarni zabt etishga qodir.
- Deylik, skudettoni ham nazarda tutyapsizmi?
- «Milan»ning katta ambisiyalari hech qachon so‘nmaydi. Jamoa yevroturnirlarda ham faqat va faqat yuqori marralarni ko‘zlashga odatlangan. E’tiborlisi, «Milan» bu yil sifatli transferlar bo‘yicha «Inter» va «Yuventus»ni yaqqol ortda qoldirmoqda. Qo‘shimchasiga yangi xaridlarni rasmiylashtirish uchun hali vaqt yetarli.
- Xo‘sh, «Milan»dan yana qanday xaridlar kutyapsiz? Masalan, kuchliroq «9-raqam» variantiga nima deysiz?
- Ha, «rossonerlar»ga bunday toifaga mansub futbolchi nihoyatda zarur. Chunki yuqori marralarni ko‘zlagan jamoa doimiy ravishda gol uradigan hujumchiga ehtiyoj sezadi. Aytgancha, Santyago Ximenesni fevral oyidan buyon kuzatyapman va uning jamoaga hali ko‘p naf keltirishiga ishonaman. Biroq yana bir kuchli markaziy hujumchi kerak, baribir.
- Balki Vlaxovichni olib kelish kerakdir...
- Munosib nomzod. Lekin Vlaxovich hozir ham «Fiorentina»da namoyish qilgan o‘yinini ko‘rsatayotgan bo‘lganidami, ko‘zlarim yumilgan holda, uni o‘z jamoamga olardim. Takrorlayman, ko‘zlarim yopiq holda.
- Axir Dushan «Yuventus»da endi tajriba orttiryapti-ku...
- Vlaxovichning Turinda tobora shakllanayotgani borasida biroz shubham bor. To‘g‘ri, hozir u bilan nimalar sodir bo‘layotganini bilmayman, ammo nazarimda, jamoasini o‘zgartirmoqchidek. Ishonchim komil, bunday sifatga ega futbolchilar o‘zlari uchun qulay sharoitda nimalarga qodir ekanliklarini to‘liq isbotlay olishadi. Masalan, «Milan»da. Lekin afsuski, odatda markaziy hujumchilar uchun juda ko‘p pul so‘rashadi yoki ularni sotishmaydi. Chunonchi, bunday toifadagi futbolchilar ko‘p emas.
- Bu orada Kamarda «Lechche»ga yo‘l oldi, albatta, ko‘proq o‘yin amaliyoti olish uchun...
- Ixtiyor menda bo‘lganida, bu yigitchaga imkoniyat berib ko‘rardim. Mana, boshqa ligalar, xususan, La Ligada yoshlarga keng yo‘l ochib berishmoqda. Ispaniyadan jahon darajasidagi futbolchilar ko‘p chiqishayotgani shunga ham bog‘liq. Biz esa iqtidorli yoshlarni ijara kelishuvi asosida kamtarroq klublarga yuborishga o‘rganib qolganmiz. Vaholanki, barcha grandlarda yosh iste’dodlarni 10-15ta o‘yinda chinakamiga sinab ko‘rish imkoniyati yo‘q emas.
Manba: acmilanfan.ru, X.YUSUPOV tayyorladi