Yaypanga katta futbol uchrashuvlarini qaytarish harakatlari boshlandi. Farg‘ona viloyati hokimi tashabbusi bilan klub tez orada Liga a’zolari safiga qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Tumanda «Turon» futbol klubidan meros bo‘lib qolgan tayyor infratuzilma mavjud. «Yaypan» klubi Farg‘ona viloyati futbol assosiasiyasi qoshida tashkil etilgan bo‘lib, u ayni vaqtda sobiq «Turon» klubining bazasi va stadionlaridan foydalanmoqda. Shuningdek, «Yaypan» o‘z futbol maktabiga ega. Liga talabiga ko‘ra, futbol maktabining 2008–2015 yil yosh toifalari bo‘yicha eng kamida 25 nafardan tarbiyalanuvchisi bo‘lishi lozim. Yanvar oyi davomida klub o‘z tarbiyalanuvchilarini MyLeague platformasiga yuklashni rejalashtirgan.
«Yaypan» 2025 yilgi Farg‘ona Ikkinchi ligasida ishtirok etgan va yakunda viloyat kubogini qo‘lga kiritgan. Yaypan tumanida joylashgan stadion maydonini qayta jonlantirish va Liga talablariga moslash rejalashtirilgan bo‘lib, viloyat hokimi Xayrulla Bozorov mazkur ishlar to‘liq amalga oshirilishi yuzasidan kafolat bergan.
«Yaypan» klubining Ligadagi maqomi, tumandagi futbol maydoni parvarishini yaxshilash va uni sifatli holatga keltirish masalalari Liga tomonidan o‘rganiladi. Keyingi barcha masalalar Liga rasmiy sahifalari orqali yoritib boriladi.