Futbol qoidalari yillar davomida ancha to‘liq va detallashtirilgan. Biroq har yili ayrim bandlarini yana ham takomillashtirish talab etiladi. Masalan, 2025 yil mart oyida Chempionlar ligasi uchrashuvlaridan birida Xulian Alvares penaltidan gol kiritdi, ammo to‘pga ikki marta tegingani uchun gol bekor qilindi. Shuningdek, shu yil yozda ushbu qoida o‘zgartirildi: endilikda shunday vaziyatda hujumchiga to‘pni qayta zarba berishga ruxsat beriladi. Bu birgina misol, aslida to‘p qo‘lga tegishi va ofsayd kabi qoidalar ham muntazam ravishda yangilanib kelmoqda.
Qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
Yanvar-fevral oylarida IFAB yig‘ilishlarida ko‘p narsa hal qilinadi. Bu organga to‘rt Britaniya futbol assosiasiyasi (Angliya, Shotlandiya, Uels, Shimoliy Irlandiya) va FIFA (to‘rt ovoz) kiradi. Qaror qabul qilish uchun uch to‘rtlik ovoz kerak.
So‘nggi vaqtda ko‘p eshitilgan mavzulardan biri — «Venger ofsaydi». U haqida so‘zlar 6 yildan beri bor, ammo uni yuqori darajada to‘liq joriy qilish hali erta. 28 fevral kuni Kardiffda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda Kanadaning chempionatida apreldan sinab ko‘rish imkoniyati muhokama qilinadi. Agar natijalar muvaffaqiyatli bo‘lsa, Yevropa futboliga «Venger ofsaydi» 2027|2028 mavsumida yoki undan keyin kiritilishi mumkin. Eslatib o‘tish kerak, Kanada chempionatida VAR ishlamaydi va texnologiyani integrasiya qilish uchun qo‘shimcha vaqt kerak bo‘ladi.
Qisqa vaqtda amalga oshiriladigan qoidalar
Bugungi kunda eng dolzarb masala — sun’iy vaqtni kamaytirish. Murabbiylar «taym-aut»lardan foydalanib, o‘yin sur’atini sekinlatib yuborishga o‘rganishdi. Yangi qoidalar bilan bu holatlarga chek qo‘yilishi mumkin:
1. Aut va darvozadan to‘p chiqarishda vaqt limiti – hozirda darvozabonlarda 8 soniya limiti mavjud. Yaqin mavsumdan boshlab ushbu qoida o‘yinning boshqa fazalariga ham qo‘llanishi mumkin. «Byornli» darvozaboni Martin Dubravka bu qoidani birinchi marta buzgan va raqibga burchak zarbasi berilgandi. IFAB texnik direktori Devid Ellerey bunga quyidagicha fikr bildirdi: «Qattiq cheklov o‘yinchilarning harakatini o‘zgartirishi mumkin. Biz o‘yin sur’atini tezlashtirishni xohlaymiz, chunki qo‘shimcha vaqt asosiy muammoni — tempning buzilishini bartaraf etmaydi».
2. O‘yinchi almashinganda vaqt limiti – futbolchi maydondan chiqish uchun 10 soniyada ketishi shart. Agar kechiksa, yangi o‘yinchi maydonga kirita olmaydi va jamoa bir muddat kamchilikda bo‘ladi.
3. Jarohatlangan futbolchilar – davolanish uchun yordam olgan futbolchilar darhol o‘yinga qaytmaydi. APLda bunday vaziyatda futbolchi 30 soniyadan kam bo‘lmagan vaqt maydondan chiqariladi, MLSda esa 2 daqiqa qo‘llaniladi. JCH-2026 uchun aniq muddat hali ma’lum emas.
VAR hokimiyati va uning chegaralari
VAR salohiyati ham kengayishi yoki qisqarishi mumkin. JCH-2026da VAR barcha burchak zarbalarini tekshiradi, ammo bu o‘yin tempini sekinlatish xavfini keltirishi mumkin. FIFA fikriga ko‘ra, to‘p ichida chip bor texnologiya burchak zarbalarini tezkor tekshirish imkonini beradi. Shu bilan birga, milliy chempionatlar ushbu qoidani qo‘llashga qarshi.
Ko‘proq kelishuv VARning ikkinchi ogohlantiruvdan keyingi chiqarishlarni tekshirishiga qaratilgan. Bu faqat hakam ko‘rsatgan ikkinchi sariq kartochkaga nisbatan amal qiladi. Agar uni ko‘rsatmagan bo‘lsa, VAR aralashmaydi. Masalan, «Yuventus» himoyachisi Pyer Kaluluning «Inter»ga qarshi o‘yinda adolatsizlarcha chetlatilishi bu qoida muhimligini ko‘rsatdi.
UYEFA hakamlar departamenti rahbari Roberto Rozettining fikri quyidagicha: «Sezilarsiz VAR aralashuvlarini talab qilish ma’nosiz. Futbolni biz shunday sevamiz. O‘yinni qayta tiklash kechiktirilishi mumkin emas. Kichik o‘zgarishlar, o‘yin tezligini saqlashga yordam bersa, bizga ma’qul».
U shuningdek VAR salohiyatini kengaytirish va «Venger ofsaydi»ni qo‘llashga qarshi chiqdi, shuningdek Angliya chempionatlarida darvozabonlarni bloklash holatlariga alohida e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Shu tarzda JCH-2026 uchun futbol qoidalari vaqt va VAR bo‘yicha yangi standartlarga muvofiqlashtirilmoqda. Bu o‘zgarishlar o‘yin sur’ati va futbolning dinamikasini saqlashga qaratilgan.
JCH-2026da 5 SONIYALIK QOIDA…
JCH-2026da autdan to‘pni kiritish va darvozadan zarba berish vaqtida soniyalarni qayta hisoblash qoidasi qo‘llanishi mumkin. ESPN xabariga ko‘ra, Xalqaro futbol assosiasiyalari kengashi (IFAB) darvozabonlar uchun 8 soniyalik qoida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tganidan so‘ng, vaqt cho‘zishga qarshi kurashning yangi usullarini ko‘rib chiqishga qaror qildi. Ushbu qoidaga ko‘ra, agar darvozabon to‘pni qo‘lida 8 soniyadan ko‘p ushlab tursa, hakam burchak zarbasi belgilaydi. Endilikda hakamlarga, agar futbolchilar autdan to‘pni o‘yinga kiritishda yoki darvozadan zarba berishda vaqtni ataylab cho‘zayotgan deb hisoblashsa, besh soniyalik qayta hisoblashni boshlash huquqi berilishi kutilmoqda. Aut vaqtida 5 soniyadan ko‘p kechikish to‘pni o‘yinga kiritish huquqining bekor qilinishiga, darvozadan zarba berishda esa burchak zarbasi belgilanishiga olib keladi. Shanba kuni, 28 fevral sanasida o‘tadigan yillik umumiy yig‘ilishda IFAB ushbu va boshqa qoidalarni tasdiqlashi mumkin. Rasman qabul qilingan o‘zgarishlar 1 iyuldan kuchga kirishi kerak, biroq ular 11 iyun kuni boshlanadigan JCH-2026dayoq qo‘llanilishi mumkin.
R.IBROHIMOV tayyorladi