“Manchester Siti” sport direktori Ugo Viana va bosh murabbiy Pep Gvardiola 2025 yildagi bir qator transferlarga qaramay, jamoa tarkibini qayta ko‘rib chiqishga qaror qildi. Chempionlar Ligasini erta tark etish va Angliya futbolidagi gegemonlikni qaytarish istagi sabab “shaharliklar”ni yozda bir qator yetakchilar bilan xayrlashmoqchi.
Klubning tajribali himoyachilari Jon Stouns va Natan Ake uchun joriy mavsum “Siti”dagi oxirgisi bo‘lishi mumkin. Stounsning shartnomasi yakuniga yetayotgan bo‘lsa, Ake ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish maqsadida jamoasini o‘zgartirish niyatida. Shuningdek, hozirda “Inter”da ijarada to‘p surayotgan Manuel Akanjining ham to‘liq transfer evaziga Italiya klubiga o‘tishi kutilmoqda Klub tarbiyalanuvchisi Riko Lyuis esa o‘ng qanot himoyasida Mateus Nunesga raqobatni boy berayotgani sababli, faoliyatini boshqa jamoada davom ettirishi mumkin. Shuningdek, asosiy darvozabonga aylanish niyatida kelgan Jeyms Trafford Donnarumma bilan raqobatda zaxiraga mixlanib qoldi va yozda ketishga qaror qilgan.
Muxlislarning eng sevimli futbolchisi Bernardu Silvaning shartnomasi tugayotgani va o‘zini yangi chempionatda sinab ko‘rish istagi ortidan “Siti”ni tark etmoqchi. Jarohatlar girdobida qolgan Mateo Kovachich va faoliyatini qayta tiklashga urinayotgan Kalvin Fillips ham jamoani klubdan ketishi kutilmoqda.
Shuningdek, “shaharliklar” yozgi transfer oynasi vaqtida Josh Uilson-Esbrand, Jek Grilish, Sverre Nipan va Klaudio Echeverri kabi futbolchilar bilan xayrlashishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Angliya Premyer Ligasining 30-turidan keyin “Manchester Siti” 61 ochko bilan ikkinchi pog‘onani band etgan. Klub yetakchi “Arsenal”dan 9 ochko ortda qolmoqda, ammo Pep Gvardiola jamoasi hisobida bitta zaxira o‘yini mavjud.