Sergey Chigodayev boshqaruvidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi o‘smirlar o‘rtasidagi 2026 yilgi Osiyo Kubogida o‘z ishtirokini boshladi. 2-tur doirasida Hindistonni yirik — 3:0 hisobida taslim etgan “oq bo‘rilar” 2026-yilgi U-17 Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston, Avstraliya va Hindiston bilan bir guruhdan o‘rin olgan KXDR U-17 terma jamoasi Osiyo kubogi musobaqasida ishtirok eta olmasligi ma’lum bo‘ldi. Shu sababli, O‘zbekiston U-17 terma jamoasi 1-turni o‘tkazib yubordi va 2-turdagi g‘alaba evaziga kichik mundialga yo‘l oldi.
Gollarga 32-daqiqada Laziz Abduraimov (penalti), 77-daqiqada Ahrorbek Ravshanbekov mualliflik qilgan bo‘lsa, 61-daqiqada hindistonlik futbolchi o‘z darvozasiga gol kiritdi.
3-tur uchrashuvi 13 may kuni Avstraliyaga qarshi bo‘lib o‘tadi. Avstraliya 1-turda Hindistonni mag‘lub etgan edi. O‘zbekistonning g‘alabasi evaziga yashil qit’a vakillari ham Jahon chempionati ishtirokchisiga aylandi.
Musobaqa reglamentiga ko‘ra, guruhda 1 va 2-o‘rinni egallagan jamoalar pley-off bosqichi va 2026 yil Qatar mezbonlik qiladigan U-17 Jahon chempionati “chiptasi”ga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, mazkur musobaqa Osiyo futbol konfederasiyasi tomonidan 21-marta tashkil etilmoqda. O‘zbekiston mazkur turnirning amaldagi g‘olibi hisoblanadi. 2025 yil aprel oyida Saudiya Arabistonining Jidda va Toif shaharlarida o‘tkazilgan qit’a chempionatida Islombek Ismoilov boshqaruvidagi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi o‘tkazilgan 6 ta uchrashuvning barchasida g‘alaba qozonib, bosh sovringa ega chiqqan edi.