Bosniya va Gersegovina terma jamoasi JCH-2026 pley-off bosqichining hal qiluvchi bahsida Italiyani mag‘lub etdi — 1:1 (penaltilar seriyasi bo‘yicha — 4:1). Uchrashuv Zenisa shahridagi «Bilino Pole» stadionida bo‘lib o‘tdi.
O‘yinning 15-daqiqasida italiyalik hujumchi Moyze Kin hisobni ochdi. Biroq birinchi bo‘lim yakunida italiyaliklar maydonda bir kishi kam bo‘lib qolishdi — himoyachi Alessandro Bastoni qizil kartochka olib, maydondan chetlatildi.
Ikkinchi bo‘lim oxirida bosniyaliklar muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘lishdi. Zaxiradan maydonga tushganidan 8 daqiqa o‘tib, hujumchi Xaris Tabakovich gol urdi. Qo‘shimcha bo‘limlarda darvozalarga gol urilmadi. Penaltilar seriyasida esa bosniyalik futbolchilar ancha aniqroq harakat qilishdi — 4:1.
Shu tariqa, Bosniya va Gersegovina terma jamoasi shu yilning iyun oyida AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan JCH-2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ular musobaqaning «B» guruhida Kanada, Qatar va Shveysariya terma jamoalariga qarshi bahs olib borishadi.
JCH-2026 saralashi. Yevropa. Pley-off. Final
31.03.2026 | 23:45
«Bilino Pole», Zenisa
BOSNIYA VA GERSEGOVINA — ITALIYA — 1:1 (PENALTI — 4:1)
Gollar: Moyze Kin 15 (0:1), Xaris Tabakovich 79 (1:1).
Bosniya va Gersegovina: Vasil, Muxaremovich, Katich, Kolashinas (Taxirovich, 46), Dedich, Bashich (Burnich, 71), Shunich (Alaybegovich, 46), Memich (Tabakovich, 71), Bayraktarevich, Demirovich (Xadjiaxmetovich, 115), Djeko.
Italiya: Donnarumma, Bastoni, Kalafyori, Manchini, Lokatelli (Kristante, 71), Tonali, Barella (Frattezi, 85), Dimarko (Spinassola, 91), Politano (Palestra, 46), Retegi (Gatti, 44), Kin (Espozito, 71).
Ogohlantirishlar: Taxirovich (54), Muxaremovich (102), Katich (114) — Donnarumma (81), Frattezi (120).
Chetlatish: Alessandro Bastoni 41 (Italiya).