Superliga 5-turidan o‘rin olgan «Bunyodkor» — «Lokomotiv» uchrashuvi yakunida kelib chiqqan janjal sabablari o‘rganib chiqildi. Maxsus inspeksiya 6 aprel kuni Linaga o‘z bildirgisini taqdim etdi.
O‘rganish natijalari:
Voqea tafsilotlari stadion kameralari, guvohlar va Komissar ko‘rsatmasi yordamida o‘rganilgan. Shuningdek, quyidagi shaxslar bilan suhbat o‘tkazilgan:
-
Abdulloh Yo‘ldoshev («Lokomotiv» futbolchisi)
-
Narimon Ahmadjonov («Bunyodkor» futbolchisi)
-
Bek Abdullayev («Bunyodkor» seleksioner murabbiyi)
-
Botir Zohidov («Bunyodkor» ma’muri)
Liganing pozisiyasi:
Garchi tomonlar ichki ishlar bo‘limida bir-biriga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirgan bo‘lsa-da, Liga professional sportchiga xos bo‘lmagan bu harakatni jazosiz qoldirmaslikka qaror qildi. Ayniqsa, voqea o‘yin tugaganidan keyin, «o‘ch olish» maqsadida sodir etilgani alohida qoralandi.
Qabul qilingan choralar:
-
Lisenziyani qaytarib olish: «Lokomotiv» futbolchisi Abdulloh Yo‘ldoshev va «Bunyodkor» a’zosi Narimon Ahmadjonovning lisenziyalari Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishiga qadar qaytarib olindi. Ular maydonga tusha olmaydi.
-
Klubga nisbatan sanksiya: «Bunyodkor» klubi o‘z xodimi (Bek Abdullayev)ning texnik zonadagi noo‘rin harakatlari va vaziyatni keskinlashtirgani uchun alohida sanksiyaga tortilishi mumkin.