Mircha Lucheskuning o‘g‘li Rezvan Luchesku rafiqasi Neli va o‘g‘li Matey bilan birgalikda 80 yoshli mutaxassis yotgan shifoxonaga yetib keldi. Eslatib o‘tamiz, murabbiy og‘ir aritmiyaning navbatdagi xurujidan so‘ng sun’iy koma holatiga o‘tkazilgan edi.
«Bu juda og‘ir damlar va men hammadan bu vaziyatga hurmat bilan qarashni so‘rayman. Barcha zarur ma’lumotlar tibbiy xodimlar tomonidan rasmiy manbalar orqali taqdim etib boriladi», — deya Rezvanning so‘zlarini keltirmoqda Gazeta Sporturilor.
Shifokorlarning ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq murabbiyning ahvoli barqaror og‘irligicha qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 3 aprel kuni Luchesku o‘tkir miokard infarktini boshdan kechirgani ma’lum bo‘lgan edi. O‘sha kuni uni shifoxonadan chiqarish rejalashtirilgan edi, chunki u 29 mart kuni Ruminiya terma jamoasi qarorgohida ahvoli yomonlashgani sababli gospitalizasiya qilingandi.
Shuningdek, 2 aprel kuni Ruminiya futbol federasiyasi Mircha Lucheskuning milliy terma jamoa bosh murabbiyi lavozimidagi faoliyati yakunlanganini rasman e’lon qilgan edi.