Ispaniya Qirollik futbol federasiyasining (RFEF) Texnik hakamlar qo‘mitasi (CTA) La Liganing 30-turidan o‘rin olgan "Barselona" — "Atletiko" (2:1) uchrashuvida "ko‘k-anorranglilar" himoyachisi Jerar Martinning chetlatilishi bekor qilinganini hakamlik xatosi deb tan oldi.
O‘yinning 46-daqiqasida kataloniyaliklarning 24 yoshli futbolchisi to‘pga tekkanidan so‘ng, Tyago Almadaning boldir qismiga zarba bergan edi. Uchrashuv bosh hakami Mateo Buskets Martinga qizil kartochka ko‘rsatdi, biroq videoassistentlar maslahati bilan monitorda vaziyatni takroran ko‘rgach, qarorini sariq kartochkaga o‘zgartirdi.
"To‘pga kim birinchi bo‘lib tekkanidan qat’i nazar, bu qoidaning jiddiy buzilishi edi. To‘g‘ri intizomiy jazo sifatida qizil kartochka ko‘rsatilishi lozim edi", — deya tan oldi CTA hakamlarning bahsli qarorlari tahliliga bag‘ishlangan Tiempo de Revisión ko‘rsatuvida.
Bundan tashqari, hakamlar organi VAR ushbu vaziyatga aralashmasligi kerak bo‘lganini, natijada Buskets maydonda qabul qilgan dastlabki qarorini o‘z kuchida qoldirib, "Barselona" o‘yinchisini maydondan chetlatishi lozimligini ta’kidladi.
"VAR bu vaziyatga aralashmasligi kerak edi, chunki hakam maydonda to‘g‘ri qaror qabul qilgandi. VARning vaziyatni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha tavsiyasi maydonda to‘g‘ri baholangan harakatning noto‘g‘ri tuzatilishiga olib keldi. Hakam o‘z boshlang‘ich qarorida qolishi kerak edi", — deb xabar berdi CTA.