2026-yilgi Jahon chempionati startiga atigi besh kun qolganida AQSHda ilk yirik xalqaro mojaro yuzaga keldi. Chikagoga yetib borgan Iroq milliy terma jamoasi AQSH chegara xizmatlarining qat’iy tekshiruviga duch keldi. Jamoaning asosiy yulduzi va hujumchisi Ayman Husayn O’Hare aeroportida ushlab turilib, salkam yetti soat davomida so‘roq qilingan.
Iroq Olimpiya qo‘mitasi vakilining ma’lum qilishicha, Amerika maxsus xizmatlari delegasiyani to‘liq tekshiruvdan o‘tkazgan. Qatarning “Al-Xor” klubida to‘p suruvchi 30 yoshli hujumchining mobil telefoni ichidagi ma’lumotlar va yozishmalarni chuqur o‘rganish maqsadida olib qo‘yilgan. Tranzit hududidagi bir necha soatlik tekshiruvlar va psixologik bosimga qaramay, yakunda Husaynga AQSH chegarasini kesib o‘tish uchun rasmiy ruxsat berilgan va u jamoa tarkibiga borib qo‘shilgan.
Osiyo jamoasining ma’muriy shtabi a’zosi uchun AQSH chegarasidan o‘tish omadsiz yakunlandi. Iroq terma jamoasining rasmiy fotografi Talol Saloh yanada jiddiyroq tekshiruvga tortilgan. Amerika xavfsizlik xizmatlari Salohni yopiq xonada o‘n soatdan ko‘proq vaqt ushlab turgan. Chegarachilar uning barcha raqamli axborot tashuvchi vositalari, smartfonlari va professional texnikalarini ham chuqur tekshiruvdan o‘tkazgan. Ko‘p soatlik jarayonlardan so‘ng, fotografning AQSH hududiga kirishi rasman rad etilib, birinchi bo‘lib kelgan reysi bilan ortga jo‘natib yuborilgan.
Iroq futbol assosiasiyasi ham, Ayman Husaynning o‘zi ham mundialning dastlabki o‘yinlari oldidan jamoa atrofidagi vaziyatni keskinlashtirmaslik maqsadida hozircha hech qanday rasmiy izoh bermagan.