Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente vinger Lamin Yamalning sog‘lig‘i borasidagi so‘nggi ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. Futbolchi ayni paytda son orqa mushagidagi jarohatdan so‘ng tiklanish jarayonini o‘tamoqda.
«U juda tez rivojlanmoqda va tiklanish rejasini quvib o‘tmoqda. Menimcha, u [Jahon chempionatidagi] ilk uchrashuvdayoq maydonga tusha oladi, ammo bu uni albatta o‘yinga tushirishimizni anglatmaydi. Biz vaziyatga baho beramiz va unga maydonda bir oz vaqt berish kerakmi, ushbu o‘yinni o‘tkazib yuborishi lozimmi yoki ikkinchi uchrashuvni kutish to‘g‘riroqmi — bir qarorga kelamiz», — deya de la Fuentening so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda The Guardian.
Ispaniyaliklar ustozi, shuningdek, Yamalning iqtidori unga jamoatchilikning ulkan e’tiborini yengib o‘tishga yordam berishini ta’kidladi.
«Lamin aynan shuning uchun tug‘ilgan. Uning xarakteri juda jasur. Balki bunday bosim sizni yoki meni sindirib qo‘ygan bo‘lardi, lekin bu yigitlar bo‘lakcha. Buning uchun shunchaki yaxshi futbolchi bo‘lish kifoya qilmaydi, yana minglab boshqa fazilatlarga ega bo‘lish lozim. 16 yoshida u Yevropa chempionatida o‘ynagan bo‘lsa, hozir yoshi 18 da va u OAV tomonidan bo‘layotgan aql bovar qilmas bosimga dosh berib, juda kam xatoga yo‘l qo‘ymoqda.
Daho futbolchilar bor va Xudo nazari tushgan futbolchilar bor. Bundaylar barmoq bilan sanarli. Lamin, Messi», — deya xulosa qildi Ispaniya terma jamoasi ustozi.
Jahon chempionatining guruh bosqichida Ispaniya terma jamoasi Urugvay, Saudiya Arabistoni va Kabo-Verde bilan to‘qnash keladi.