«Manchester Yunayted» klubining sobiq sardori Antonio Valensiya jamoaning yangi bosh murabbiyi Maykl Kerrik bilan birga ishlash uchun «Old Trafford»ga hech qanday ikkilanishlarsiz qaytishga rozi bo‘lishini tan oldi.
2009 yildan 2019 yilgacha mankunianliklar sharafini himoya qilgan Ekvador terma jamoasi sobiq futbolchisi o‘zining sobiq jamoadoshi bilan aloqada bo‘lib turganini va uni yangi shartnoma imzolagani bilan tabriklaganini so‘zlab berdi.
«Kerrik — men juda hurmat qiladigan inson. Men unga faoliyatida omad tiladim. Menimcha, unda hammasi yaxshi ketmoqda. Uning murabbiylik o‘rindig‘ida yana bir mavsumni boshlayotgani meni quvontiradi», — deya Valensiyaning so‘zlarini The Mirror nashri keltiradi.
Klubda faoliyat yuritish uchun Manchesterga ehtimoliy qaytishi haqidagi savolga Valensiya aniq javob berdi.
«Ha, men qaytgan bo‘lardim. «Manchester Yunayted» — menga juda ko‘p narsa bergan klub. Oilam u yerda juda baxtli edi. Men ushbu klubga bo‘lgan muhabbatim tufayli «Manchester Yunayted»da har qanday lavozimda ishlagan bo‘lardim. Menimcha, ular hozir qilayotgan ishlarning barchasi to‘g‘ri yo‘nalishda ketmoqda. Agar meni u yerga chaqirishsa, shu zahoti yetib borardim».
40 yoshli Valensiya futbolchilik faoliyatini 2021 yilda yakunlagan edi. «Manchester Yunayted» tarkibidagi 10 ta mavsum davomida u 339 ta uchrashuvda maydonga tushib, 25 ta gol urgan. Futbolchi «qizil iblislar» bilan birga 2 marta Angliya chempionligini, Yevropa ligasini va bir nechta milliy kuboklarni qo‘lga kiritgan.