Yevropa chempionlar ligasi nimchorak final bosqichi doirasida «Roma» o‘z uyida «Shaxtyor»ni qabul qildi. Ukrainada bo‘lib o‘tgan dastlabki o‘yinda doneskliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozonishgandi.
Shu bois, javob o‘yinida rimliklarni minimal hisobdagi g‘alaba ham qanoatlantirardi. "Roma" bu ishni ajoyib tarzda uddaladi. Italiyaliklar o‘z darvozalari daxlsizligini saqlab qolgan holda, ikkinchi bo‘lim boshida Edin Jekoning goli evaziga hisobni ochishdi. Bosniyalik hujumchi darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqdi va darvozani ishg‘ol qildi.
Oradan 10 daqiqa o‘tib Jeko "dubl"ni rasmiylashtirishi mumkin edi, ammo uning bu galgi zarbasiga biroz aniqlik yetishmadi. Boz ustiga, uchrashuvning 79-daqiqasida doneskliklar himoyachisi Ordes Jekoga nisbatan "so‘nggi umid" sifatida fol ishlatdi va maydondan chetlatildi.
Qo‘shib berilgan daqiqalarda "Shaxtyor" hisobni tenglashtirishi mumkin edi. Chap qanotdan Ismoiliy yetkazib bergan uzatmaga Dentinyo biroz yeta olmadi. Aks holda u darvozani ishg‘ol qilishi va jamoasini chorak finalga olib chiqishi mumkin edi.
Shu tariqa, "Roma" chorak final yo‘llanmasini hal qildi.
YECHL, nimchorak final, javob o‘yini
Roma Italiya – Shaxtyor Ukraina 1:0 (0:0, 1:0)
Gol: 1:0 – 52 Djeko.
Roma – Alisson, Fasio, Manolas, Kolarov, Florensi, Strotman, de Rossi, Under (Jerson, 65), Nainggolan, Perotti, Djeko (El-SHaaravi, 89).
Shaxtyor – Pyatov, Ordes, Ismaili, Butko, Rakiskiy, Fred, Stepanenko (Alan Patrik, 74), Tayson, Marlos (Dentinyo, 82), Bernard, Ferreyra.
Ogohlantirishlar: Florensi (39), Manolas (54), Stepanenko (71), Fred (76), Ferreyra (80).
Chetlatish: Ordes (79).
Dastlabki o‘yin — 1:2