Moskvaning “Spartak” jamoasi futbolchilari Rossiya Kubogi superfinalidagi g‘alabani nishonlash vaqtida musobaqaning billur kubogini sindirib qo‘yishdi.
Hal qiluvchi bahsda moskvaliklar “Krasnodar” jamoasini penaltilar seriyasida (asosiy vaqt — 1:1, penaltilar bo‘yicha — 4:3) mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. Biroq quvonchni nishonlash jarayoni kutilmagan voqea bilan yakunlandi.
Qayd etilishicha, g‘alaba tantanasi vaqtida “qizil-oqlar” an’anaga ko‘ra sovrin ichiga shampan vinosi quyib ichishga urinishgan. Shundan so‘ng, jamoa futbolchisi Pablo Solari billur kubokni boshidan baland ko‘targanida, dastlab uning qopqog‘i uchib ketgan, keyin esa pastki qismi sinib tushgan.
O‘yindan keyin “Spartak” o‘zining Telegram kanalida kubokning faqatgina metall qismi va yerda yotgan billur parchalari suratini e’lon qildi.

“Do‘stlar, daxshatli xabar. Biz kubokni sindirib qo‘ydik. Barchasi yaxshilikka bo‘lsa kerak?”, deyiladi klub qoldirgan xabarda.
Qizig‘i shundaki, moskvaliklar jamoasi singan kubok parchalarini shunchaki tashlab yubormoqchi emas. “Spartak” matbuot xizmati kubok siniqlaridan birini tasodifiy muxlisga taqdim etish uchun maxsus yutuqli o‘yin boshlanganini e’lon qildi.
Ma’lumot uchun, “Spartak” o‘z tarixida beshinchi bor Rossiya Kubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa oxirgi marta ushbu turnirda 2022-yili zafar quchgandi.