O‘zbekiston Superligasining 5-turidan o‘rin olgan bahsda “Navbahor” o‘z maydonida Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasini qabul qiladi.
Mazkur klublar O‘zbekiston chempionatlarining Cuperliga (oliy liga)sida o‘zaro 52 marta uchrashishgan. Ushbu o‘yinlarning 25 tasida “Navbahor” g‘alaba qozongan bo‘lsa, “So‘g‘diyona” 20 ta bahsda zafar quchgan, 7 ta o‘yinda esa durang qayd etilgan. To‘plar nisbatidagi ko‘rsatkich 88-60, “Navbahor”foydasiga.
Namanganliklar o‘zaro o‘yinlarda 82 ochkoni qo‘lga kiritishgan bo‘lsa, jizzaxliklar hisobida 67 ochko mavjud.
“Navbahor” – “So‘g‘diyona” klublari o‘rtasidagi o‘zaro uchrashuvlardagi eng yirik hisob 1996 yili qayd etilgan. O‘sha yili “lochinlar” Namanganda jizzaxliklar darvozasiga 7 ta javobsiz to‘p kiritishgandi.
Sermahsullik borasida esa 2000 va 2014 yillardagi uchrashuvlar tarixda qolgan.
E’tiborlisi, o‘sha o‘yinlarda darvozalarga to‘qqiztadan gol urilgan.
2000 yili Namanganda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mezbonlar 6:3 hisobida zafar quchishgan bo‘lsa, 2014 yili Jizzaxda o‘tkazilgan bahsda “So‘g‘diyona” 5:4 hisobida g‘alaba qozongandi.
Namanganda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarning 21 tasida “lochinlar” zafar quchishgan bo‘lsa, 1 ta o‘yinda jizzaxliklar g‘alaba qozonishgan, 4 ta bahsda esa jamoalar durangga imzo chekishgan.
Eslatib o‘tamiz, “Navbahor” – “So‘g‘diyona” o‘yini 26 aprel kuni Namangandagi “Markaziy” stadionida soat 18:15 da start oladi.