O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze OFK rasmiy sayti - the-afc.com jurnalistlari bilan qisqa suhbatda mamlakat uchun jahon chempionati final bosqichiga chiqishning ahamiyati haqida to‘xtaldi. U shuning barobarida dunyo miqyosidagi musobaqada Markaziy Osiyo nomidan birinchi bo‘lib qatnashadigan jamoamiz imkoniyatlari, undan kutilayotgan natijalar haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. 

 

«Albatta, mundial yo‘llanmasi butun mamlakatimiz uchun tarixiy muvaffaqiyat hisoblanadi. Jahon chempionati futbol olamidagi eng nufuzli turnir ekanligi o‘z-o‘zidan tushunarli. Orzumizni ro‘yobga chiqarish uchun ko‘p yillar davomida tinimsiz ishladik, izlandik va nihoyat, harakatlarimiz samara berdi. Xalqimiz bundan xursand, albatta. Ishonchim komil, bu muvaffaqiyat nafaqat futbolchilar, balki butun mamlakat uchun katta ilhom manbai hisoblanadi. Oddiy aytganda, oldinga tashlangan ulkan qadam. Bunday yutuqlar sportning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishi tayin. Hozirgi kunda yoshlar futbolga tobora ko‘proq qiziqishmoqda, ota-onalar esa farzandlarini akademiya va maktablarga berishmoqda. Bu - juda ruhlantiruvchi holat. Hozirgi sur’at ko‘proq homiylar jalb qilish, infratuzilmani yaxshilash va iste’dodli futbolchilar safini kengaytirishga yordam beradi. Ochig‘ini aytganda, jamoaga saralash bosqichining o‘rtasida qo‘shilish oson bo‘lmadi. Muhit jiddiy, oldinda muhim o‘yinlar, vaqt esa juda oz edi. Jamoaga tezda moslashib, darhol natija ko‘rsatishim talab etilardi. Avvalgi saralash bosqichlarida maqsad sari yaqin kelgandik, ammo oxirgi lahzalarda omad yuz o‘girgandi. Muhimi, bu safar oxirigacha bardoshli bo‘ldik, yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik va JCH yo‘llanmasini qo‘lga kiritdik. Har bir o‘yin o‘ziga xos bosimga ega, lekin Abu-Dabidagi uchrashuv alohida ajralib turadi, baribir. Chunki uning hal qiluvchi o‘yin ekanligini bilardik. 1tagina ochko kifoya qilishini anglaganimiz uchunmi, o‘ziga xos tanglik yuzaga keldi. Asosiysi, o‘zimizga ishonib, puxta tayyorgarlik ko‘rdik va pirovardida kerakli natijaga erishdik. Bizda allaqachon mustahkam poydevor mavjud. Qolaversa, oldimizda hali vaqt va bir nechta o‘rtoqlik uchrashuvlari bor. O‘yinlarda yangi futbolchilarni sinab ko‘ramiz, albatta. Biror futbolchi o‘zini ko‘rsatsa, albatta, uni tarkibga kiritish masalasini ko‘rib chiqamiz. Qisqasi, barqarorlikni saqlab qolish barobarida sog‘lom raqobat shakllantirishni maqsad qilganmiz. FIFA kunlaridan to‘liq foydalanib, tayyorgarlik uchun iloji boricha ko‘proq o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Fikrimcha, CAFA Millatlar kubogi ham muhim musobaqa hisoblanadi. Unda qisqa vaqt ichida turli jamoalarga qarshi o‘ynash imkoniyati bor. Shuningdek, turnir yangi futbolchilarni sinab ko‘rish uchun ham ajoyib imkoniyat. Umuman, har qanday uchrashuv va turnir tayyorgarlik jarayonida foydalidir.

O‘zbekiston termasi jahon chempionatida ilk bor ishtirok etadi. Biz uchun hammasi yangilik bo‘ladi. Shunchaki, bunday nufuzli musobaqada qatnashish va tajriba orttirishning qiymati yuqori. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, har o‘yinga g‘alaba qozonish maqsadida yondashamiz. Guruh bosqichidan o‘tib, imkon qadar uzoqroqqa borishga erishsak, ajoyib bo‘lardi. Mundial yangi sahifa va yangi bosqich hisoblanadi. Qaytaraman, JCH juda muhim ahamiyatga ega. Top-ligalarda faoliyat futbolchilarga yuqori darajada tajriba orttirish imkonini beradi va ularning bu ko‘nikmalari milliy jamoada ham qo‘l keladi. Yevrofutbol juda raqobatbardosh, yigitlarimiz ham «ko‘hna qit’a»da o‘ynab, kuchli va yetuk bo‘lib borishmoqda. Pirovardida barchasi milliy jamoaga katta foyda keltirmoqda», - dedi Kapadze.

Aytish kerak, CAFA Nations Cup 2025 turniri 29 avgustdan 8 sentyabrgacha bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston milliy jamoasi «A» guruhida Qirg‘iziston, Turkmaniston va Ummon termalari bilan o‘ynaydi. «B» guruhida esa Tojikiston Eron, Afg‘oniston va Hindiston termalari bor. «A» kvarteti bahslaridan tashqari, 3-o‘rin uchun o‘yin va finalga Toshkent mezbonlik qiladi. Kutilishicha, jamoamizni CAFA chempionatida Temur Kapadzening o‘zi boshqaradi va asosan nomzod futbolchilarni sinab ko‘radi. Eslatma, 43 yoshli mutaxassisning O‘FA bilan amaldagi shartnomasi noyabr oyigacha mo‘ljallangan. Aytish joiz, FIFA kunlari 1 sentyabr kuni boshlanadi va 9-sanada yakunlaydi. Agar finalni qo‘shib hisoblasak, jamoamiz turnirda 4ta o‘yin o‘tkazishi mumkin:

1-tur - 30 avgust

2-tur - 2 sentyabr

3-tur - 5 sentyabr

Final - 8 sentyabr

Shunday ekan, legionerlarimiz 2-turdan e’tiboran tarkibga qo‘shilishlari mumkin. Tabiyki, barchasi Kapadzening qaroriga bog‘liq. Murabbiy JCH oldidan tarkibni keskin o‘zgartirmasligi tayin, faqat 3-4 nafar yangi futbolchi qo‘shishi ehtimoli bor. Demakki, bo‘lajak musobaqada legionerlarni ham ko‘rishimiz mumkin.