O‘zbekistonlik ilg‘or darvozabonlar murabbiyi Denis Ivankov faoliyati davomida terma jamoalarimiz va ko‘plab klublarimizda ishlagan. Sports24.uz sayti ijordkorlari yaqinda tajribali mutaxassisni suhbatga tortib, darvozabonlarni o‘yinlarga tayyorlashdagi o‘ziga xos jihatlar haqida gurunglashishdi.

- Qiziq, nega aynan darvozabonlik yo‘nalishini tanlagansiz? Zero, barcha bolalar futbolda hujumchi bo‘lish va gol urishni xohlashadi...

- Bolaligimda otam qo‘l ostidagi mashg‘ulotlarga ko‘p borardim. O‘sha vaqtdayoq menga darvozabonlar qo‘lqopini kiyib, mashg‘ulotlarda aynan kiperlar harakatini tomosha qilish yoqardi. Ulg‘aygan sari darvozada turish ishtiyoqi kuchaydi. To‘g‘ri, ko‘cha futbolida, deylik, mahallada o‘ynasak, ko‘pincha aksariyat bolalar kabi hujumda to‘p surardim.

- 18 yoshingizda Nukusga borgan va «Aralvodstroyeves» klubida o‘ynagansiz. Toshkentda ulg‘aygan bolakayda Nukus varianti qanday yuzaga kelgandi?

- Sinfdoshim Davron Dosumov o‘sha klubda o‘ynardi. Esimda, 1990 yilgi mavsumning birinchi davrasi yakunida Davron jamoaga darvozabon kerakligini aytdi va Nukusga borish-bormasligimga qiziqdi. 18 yoshli yigitman, darhol, borishga qaror qildim. Onam Nukusga ketishimga qarshi chiqqanida, uni otam tinchlantirgandi: «Xavotir olma, tezda qaytadi». «Aralvodstroyeves»­ga borganim bilan asosiy tarkibda o‘ynadim, o‘sha vaqt 1994 yilgi Osiyo o‘yinlari g‘olibi Berdax Allaniyazov bilan raqobatlashgandim.

- Otangiz Aleksandr Ivankov murabbiylikda ancha samarali ishlagan. Uni qanday eslaysiz?

- Tartibli va rostgo‘y, haqiqatparvar inson sifatida. Otam qayerda ishlagan bo‘lsa, hamisha o‘zidan yaxshi nom qoldirgan. Hozir u bilan birga ishlagan faxriylar bilan gaplashib qolsam, faqat yaxshi xotiralar bilan yodga olishadi.

- O‘zi darvozabonlar murabbiyi rolida ishlash istagi qachon tug‘ilgan? Futbolchilik faoliyatingiz davom etayotgan vaqtdami yoki qo‘lqoplaringizni mixga ilganingizdan keyin?

- Futbolchilik faoliyatimni tugatganimdan keyin. Orada bir muddat O‘zbekistonda yashamadim va futboldan uzoqlashdim. Qaytganimda, otam «Kimyogar»da ishlardi, unga Grigoriy Seytlin yordam berardi. Bir kuni ular darvozabonlar bilan ishlab ko‘rish taklifini o‘rtaga tashlashdi. Shunday qildim va bu yoqdi. Yana yarim yildan keyin Bahrom Davlatov «Mash’al» akademiyasiga chaqirdi, shu tariqa darvozabonlar murabbiyi rolidagi to‘laqonli faoliyatim boshlanib ketdi.

- Qo‘l ostingizda ishlagan eng kuchli 3 nafar darvozabonni ayta olasizmi?

- Eldor Suyunov, Sanjar Quvvatov va O‘tkir Yusupov. Sanjar yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida qatnashdi, Eldor ko‘plab o‘yinlarda milliy jamoa darvozasini qo‘riqladi. O‘tkir esa anchadan buyon milliy termaning birinchi raqamli kiperi. Mana, u JCH-2026 yo‘llanmasi qo‘lga kiritilishiga katta hissa qo‘shdi. Albatta, bu yigitlar uchun xursandman.

- 2018 yili bergan intervyuingizda O‘tkir Yusupovda bir qator kamchiliklar borligini aytgandingiz. U o‘sha kamchiliklardan qachon qutuldi?

- Menimcha, «Fulad»ga o‘tganidan keyin yaqqol o‘sdi, kamchiliklarini bartaraf etdi. Bilaman, u Eron klubida italiyalik darvozabonlar murabbiyi qo‘l ostida shug‘ullanadi. O‘ta kuchli mutaxassis, mashg‘ulotlari ham qiziqarli. Qisqasi, Yusupov Eronda katta siljishga erishdi va endi oldingidek qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ymayapti.

- So‘nggi 10 yilni olsak, darvozabonning futboldagi roli nechog‘li o‘zgardi?

- Avvalo, kiperlar uchun talablar keskin o‘zgardi. To‘g‘ri, darvozabon hozir ham birinchi navbatda, to‘pni qaytarishi va jamoasini goldan qutqarishi kerak. Shuning barobarida u endilikda oxirgi himoyachidek o‘ynashni ham bilishi shart. Zamonaviy futbolda jamoa  hujumini ko‘pincha aynan darvozabon boshlab bermoqda.

- Qaysi yosh darvozabonlar 3-4 yildan keyin milliy jamoa darajasida o‘ynashlari mumkin?

- Otabek Boymurodov, Nikita Shevchenko va Edem Nemanovni alohida ko‘rsatishim mumkin. Lekin hech qaysi yoshlar termalarida o‘ynamay, o‘z potensialini kechroq namoyish etadigan darvozabonlar ham chiqishadi. Bunga ishonchim komil.

- Eshitishimizcha, «Real»ning ukrainalik darvozaboni Andrey Luninni yaqindan taniysiz. U qanday kiper va inson?

- Andrey - top-darvozabon, yaxshi yigit. Ha, u bilan tanishman. Agar qandaydir savoli bo‘lsa, bemalol murojaat qiladi. Agar menda savol tug‘ilsa, unga yozaman. Masalan, yaqinda ba’zi jihatlar yuzasidan yozishdik. Muhimi, Andrey oilaparvar yigit va juda yaxshi inson.

- Barcha davrlarning ukrai­nalik eng yaxshi 3 nafar darvozaboni... 

- Ukrainadan hamisha kuchli kiperlar chiqishgan. Agar zamonamizni olsak, Aleksandr Shovkovskiy, Anatoliy Trubin, Andrey Lunin va Georgiy Bushchan kabi darvozabonlar bor. Sobiq ittifoq davrida esa Yevgeniy Rudakov, aka-uka Chanov, Sergey Krakovskiy kabi yaxshi kiperlar o‘ynashgan. Oddiy aytganda, Ukraina futboli doimo kuchli darvozabonlar maktabi bilan ajralib turgan.

- Amaldagi jamoangiz «Neftchi» Superliga birinchi davrasini 2-o‘rinda yakunladi. Mavsumning ikkinchi qismida peshqadam «Nasaf»dan o‘zib keta olasizlarmi?

- Albatta, «Neftchi» bilan chempion bo‘lmoqchiman. Tabiiyki, buning uchun faqat «Nasaf» emas, balki barcha raqobatchilardan tepada bo‘lishimiz kerak. Umuman, bu yil chempionlik uchun kurash rosa qiziqarli tus olishi tayin.

- Superliga birinchi davrasida darvozabonlar ijrosida ko‘plab qo‘pol xatolar kuzatildi. Sizningcha, bunga to‘p sababmi yoki bosh­qa omillar bor?

- Menimcha, xatolar to‘pga bog‘liq emas. Chunki tanlangan to‘p yaxshi, sifatli. Balki hamma ham to‘g‘ri ishlamayotgandir, negaki, xatolarda ruhiy holatning ta’siri katta. Ikkinchi davrada barcha darvozabonlarga omad, ularning imkon qadar kamroq xato qilishlariga tilakdoshman.

F.FAYZIYEV suhbatlashdi