«Minnesota Yunayted» yarim himoyachisi Xames Rodriges kuchli suvsizlanish tufayli shifoxonaga yotqizilganidan so‘ng sog‘lig‘ini tiklashda davom etmoqda. Kolumbiya terma jamoasining Fransiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvidan (1:3) so‘ng futbolchining ahvoli yomonlashgan. O‘sha o‘yinda u asosiy tarkibda maydonga tushib, 63-daqiqada almashtirilgan edi.
EL TIEMPO nashrining xabariga ko‘ra, o‘yindan so‘ng darhol yechinish xonasida futbolchiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng u Minnesotaga qaytgan va bir necha kunga shifoxonaga yotqizilgan. Ma’lum bo‘lishicha, futbolchida virusli oshqozon infeksiyasi tashxisi qo‘yilgan va bu holat kuchli suvsizlanish bilan murakkablashgan.
O‘shandan beri Rodriges maydonga tushmadi. «Minnesota Yunayted» bosh murabbiyi Kameron Noulzning ta’kidlashicha, Kolumbiya terma jamoasi sardori hozirda uyida klub shifokorlari nazorati ostida tiklanish jarayonini o‘tamoqda.
— «Xamesning holati kun sayin o‘zgarib bormoqda. U tibbiy xizmatimiz nazoratida va hozir uyida sog‘lig‘ini tiklayapti. Shifokorlar u bilan doimiy aloqada bo‘lib turishibdi va tayyor bo‘lishi bilan mashg‘ulotlarga qaytarishadi. U mavsumoldi tayyorgarlikni o‘tkazib yubordi, keyin esa bu vaziyat yuzaga keldi. Ammo uning jamoaga moslashishi, professionalligi va ta’siri haqida gapiradigan bo‘lsak — bu ajoyib namuna. Rodriges har kuni ter to‘kib ishlamoqda, biz uni tez orada safga qaytishini kutyapmiz», — dedi Noulz.
Hozirda Xames Rodriges 34 yoshda.