AQSHning Texas shtatidagi turnirga piklbal jamoasini olib ketayotgan samolyot halokatga uchradi, bortdagi besh kishining bari halok bo‘ldi. Bu haqda Fox News xabar berdi.
Yo‘lovchilar Amarillo Pickleball klubi a’zolari hisoblanadi, ular bo‘lgan samolyot Uimberli shahrida 23:00 da qulab tushgan.
“Uchuvchi va bortdagi to‘rt yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘ldi”, dedi mahalliy polisiya serjanti Billi Rey.
Hodisa yuzasidan AQSH federal organlari tergov olib bormoqda.
“Ular ajoyib o‘yinchilar edi. Har dam olish kunlari o‘nlab turnirlar bo‘lib o‘tadi. Ba’zilar bunga qiziqib uzoq safarga ham boradi”, dedi Amarillo tennis klubi prezidenti Den Dayer.
U tadbirga bir vaqtning o‘zida Amarillo’dan ikkinchi samolyot ham uchganini aytdi. Mazkur uchoq Nyu Braunfels aeroportiga xavfsiz qo‘ngan.
Ta’kidlanishicha, aviahodisadan bir oz oldin Nyu Braunfels shahrida bulutli ob-havo kuzatilgan, ikki soatdan so‘ng momaqaldiroq bo‘lgan. Taxminan 3000 aholiga ega bo‘lgan Uimberli va 116 000 aholi yashaydigan Nyu Braunfels Texasdagi sayyohlik manzillaridir.
Ma’lumot o‘rnida, mart oyida AQSHning Nyu York shahrida joylashgan LaGuardia xalqaro aeroportida Air Canada aviakompaniyasining samolyoti o‘t o‘chirish mashinasi bilan to‘qnashib ketishi oqibatida ikki nafar uchuvchi halok bo‘lgan edi.
Shuningdek, may oyida United Airlines aviakompaniyasi samolyoti Nyuark aeroportiga qo‘nish paytida yuk mashinasining kabinasiga urilgan. Haydovchi jiddiy jarohat olmagan. Federal xizmatlar hodisa yuzasidan tekshiruv boshlagan.