Germaniyaning birinchi raqamli shaxmatchisi Vinsent Keymer FIDE reytingining yuqori pog‘onalarida yuz bergan o‘zgarishlarga munosabat bildirdi. U o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorovning hindistonlik shaxmatchilar — Gukesh Dommaraju, Rameshbabu Pragnanandha va Arjun Erigaisidan o‘zib ketib, to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilganini izohladi.
Keymer SchachMagazin64 jurnaliga bergan intervyusida Abdusattorov ulardan kuchli emasligini ta’kidlar ekan, buni mantiqsizlik deb atadi:
“Nodirbekni Gukesh, Prag yoki Erigaisidan ancha kuchli deb da’vo qilish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Uch oy avval Abdusattorov 2730 ballga ega edi, ular esa 2800 ga yaqinlashgandi — hamma narsa juda tez o‘zgaradi. Bu holat menga ham tegishli: hozir mendan 20-30 ochko pastda turgan o‘yinchilardan yaqqol ustun emasman. Ular ham tinimsiz mehnat qiladigan, iqtidorli yosh avlod vakillari. Hammasi hozirgi sport formasiga bog‘liq”, deydi Keymer.
Ayni vaqtda Arjun hindistonliklar orasida eng yuqori o‘rinda bo‘lsa-da (11-pog‘ona), Pragnanandha 16-o‘rinni egallab turibdi. Amaldagi jahon chempioni Gukesh esa 18-pog‘onadan joy olgan (o‘tgan yilning mart oyida u uchinchi o‘rinda edi).
Ma’lumot o‘rnida, hindistonlik shaxmatchilarning so‘nggi bir yilda kuchli o‘ntalikni tark etishiga ularning sport formasidagi pasayish sabab bo‘ldi. Xususan, Gukesh deyarli bir yildan berdi barqaror o‘yin ko‘rsata olmayapti. Shunga qaramay, u joriy yil oxirida jahon chempioni unvonini Javohir Sindorovga qarshi bahsda himoya qiladi.