«Liverpul» qanot hujumchisi Muhammad Saloh mersisaydliklar safidagi faoliyati haqida to‘xtalib o‘tdi. Eslatib o‘tamiz, misrlik futbolchi shu yozda jamoani tark etadi.
«Bu yerga ilk kelgan paytlarimni eslayman. Menimcha, u paytda hech kim mashg‘ulotlardan oldin qo‘shimcha shug‘ullanmasdi. Albatta, hech kim me’yordan ortiq ishlamasdi deyolmayman: Jeyms Milner, Adam Lallana va Sadio Mane jamoaviy mashg‘ulotlardan so‘ng qolib ishlashardi. Agar yanglishgan bo‘lsam, uzr so‘rayman.
Men mashg‘ulotdan oldin ham, keyin ham shug‘ullanish istagi bilan kelganman. Doimiy ishlashni xohlayman, chunki shunda boshqa futbolchilar ham qo‘shimcha mashq qilishni boshlaydi. Bu meni doim baxtli qiladi. Men bundan faxrlanaman va to‘g‘risini aytsam, bu klubni juda yaxshi ko‘raman, eng yaxshi yillarim shu yerda o‘tdi... Yigitlar xuddi shu ruhda davom etishlarini va o‘z ustilarida ishlashdan to‘xtamasliklarini chin dildan xohlayman.
Klub yuksaklikda bo‘lishi va yigitlar muvaffaqiyat qozonishi mening asosiy tashvishlarimdan biridir», — deya Salohning so‘zlarini keltiradi Sky Sports.