Angliya futboli afsonasi, “Lester Siti” bilan mo‘’jizaviy chempionlikni qo‘lga kiritgan hujumchi Jeymi Vardi faoliyatini Qozog‘iston chempionatida davom ettirishi mumkin. 39 yoshli forvardga Qozog‘iston Premyer Ligasining (QPL) chempionlik uchun kurashayotgan klublaridan biri qiziqish bildirmoqda.
Offside.kz nashri bergan xabarga ko‘ra, gap ayni damda turnir jadvalining yuqori qismida borayotgan va hujum chizig‘ini kuchaytirishni maqsad qilgan jamoa haqida ketmoqda. Jeymi Vardining transferi yozgi transfer oynasi vaqtida amalga oshirilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Vardi 2025-yilning aprelida o‘zining qadrdon jamoasi “Lester Siti”dan ketishini e’lon qilgan edi. Shundan so‘ng, sentyabr oyida u erkin agent sifatida Italiyaning “Kremoneze” klubi bilan bir yillik shartnoma imzolagan.
Hujumchining joriy klub safida 25 ta o‘yinda maydonga tushib, 5 ta gol mualligiga aylangan. Transfermarkt portali Vardining qiymatini 1 million yevroga baholamoqda. Uning Italiya klubi bilan shartnomasi yozgi transfer oynasi vaqtida yakuniga yetadi.
Vardining Italiya jamoasi bilan shartnomasi tugayotgani bois, u Qozog‘iston klubiga mutlaqo bepul — erkin agent sifatida qo‘shilishi mumkin. Bu esa moliyaviy cheklovlar mavjud bo‘lgan klublar uchun juda qulay imkoniyatdir.
Ma’lumot uchun, QPL klublari so‘nggi paytlarda jahon futboli yulduzlarini o‘z tarkibiga qo‘shib olmoqda. Xususan, 2026-yilning yanvar oyida “Aqtobe” klubi taniqli portugaliyalik futbolchi Luish Nani bilan shartnoma imzolagan edi. Vardining Qozog‘istonga kelishi mamlakatdagi futbol nufuzini yanada oshirishi va “Nani effekti”ni davom ettirishi kutilmoqda.