«Atletiko» bosh murabbiyi Diyego Simeone UYEFA Chempionlar ligasi yarim finali doirasidagi «Arsenal»ga qarshi javob o‘yini oldidan jamoa to‘xtashi kerak bo‘lgan mehmonxonani o‘zgartirishga qaror qildi. Bu haqda The Touchline nashri X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
Ispaniya klubi oktyabr oyida «kanonirlar» bilan bo‘lgan uchrashuvda to‘xtagan mehmonxonaga joylashishi kerak edi. O‘shanda «Atletiko» 0:4 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchragandi. Simeone bu borada ma’lum bir bog‘liqlikni payqab qoldi va so‘nggi lahzada turar joyni o‘zgartirishni talab qildi. Natijada, futbolchilar joylashish boshlanishiga bir necha daqiqa qolganda narsalarini tezgina yig‘ib, boshqa mehmonxonaga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lishdi.
Jurnalistlarning ushbu qaror sababi haqidagi savoliga murabbiy: «Yangi mehmonxona arzonroq», — deb javob berdi. Simeone avvalgi yashash joyi bilan bog‘liq har qanday irim-sirimlar haqidagi mish-mishlarni inkor etdi.
Eslatib o‘tamiz, «Atletiko» va «Arsenal» o‘rtasidagi dastlabki o‘yin 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangan. Javob uchrashuvi bugun, 5 may kuni Toshkent vaqti bilan tungi soat 00:00 da boshlanadi.