«Aston Villa» «Bryugge» markaziy himoyachisi Joel Ordonyesni transfer qilish bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Bu haqda The Athletic xabar berdi.
22 yoshli ekvadorlik futbolchi juma kuni «Arsenal»ga o‘tgan Ezri Konsaning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan uch nafar nomzoddan biri hisoblanadi.
Avvalroq «Aston Villa» «Sautgempton» himoyachisi Teylor Xarvud-Bellis uchun 21 million yevro taklif qilgan, ammo bu taklif rad etilgan. Klublar o‘rtasidagi muzokaralar davom etmoqda, biroq tomonlar hozircha futbolchining transfer qiymati borasida kelishuvga erisha olmagan.
The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, Ordonyes transferi amalga oshsa, «Aston Villa» uchun Xarvud-Bellisni xarid qilishdan qimmatroqqa tushishi mumkin.
Ordonyes 2022 yil avgust oyida Ekvador chempionatidan «Bryugge» safiga ko‘chib o‘tgan. Markaziy himoyachi Ekvador milliy terma jamoasi safida 20 ta uchrashuv o‘tkazgan va JCH-2026 uchun jamoa qaydnomasidan ham joy olgan.
O‘tgan mavsumda Ordonyes barcha musobaqalarda 46 ta uchrashuvda ishtirok etib, 4 ta gol urgan. Shuningdek, u 6 marta sariq va 2 marta qizil kartochka olgan.
Transfermarkt portali 22 yoshli himoyachining bozor qiymatini 33 million yevroga baholamoqda.