Yaponiyada bo‘lib o‘tayotgan qit’a birinchiligida qatnashgan ikki nafar O‘zbekiston terma jamoasi a’zosining tahlillarida taqiqlangan preparatlar aniqlandi. Natijada ularning musobaqadagi ishtiroki muddatidan oldin to‘xtatildi.
Xalqaro test agentligi (ITA) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning 23 sentyabr kuni kanoeda eshkak eshuvchi Pavel Eygeldan olingan doping-testda taqiqlangan trimetazidin moddasi borligi tasdiqlangan.
Shuningdek, yana bir o‘zbekistonlik sportchi — MMA vakili Nodirbek Shavkatovning qonidan ham taqiqlangan modda aniqlangan. E’tiborlisi, u ushbu Osiyo o‘yinlarida bronza medalini qo‘lga kiritgandi, uning tahlilida esa meldoniy moddasi aniqlangan.
Tashkilot izohiga ko‘ra, meldoniy kislorod o‘zlashtirishi va energiya almashinuvini tezlashtirib, jismoniy chidamlilikni sun’iy ravishda oshiradi. Trimetazidin esa yurak-qon tomir tizimi faoliyatini kuchaytiradi. Ikkala preparat ham Butunjahon antidoping agentligining (WADA) S4 toifasiga kiradi hamda ulardan musobaqa vaqtida va undan tashqari paytda foydalanish qat’iyan man etiladi.
Holat yuzasidan sportchilar rasman xabardor qilingan. WADA hamda Osiyo Olimpiya kengashi (OCA) qoidalariga ko‘ra, tekshiruv ishlari yakunlangunga qadar ular sportdan vaqtincha chetlatildi. Endilikda ushbu atletlarga Aichi-Nagoya Osiyo o‘yinlari doirasidagi musobaqalar, mashg‘ulotlar yoki boshqa turnirlarda qatnashish taqiqlanadi.
Qoidalarga muvofiq, sportchilar vaqtinchalik chetlatish qarori ustidan Sport arbitraj sudining antidoping bo‘limiga (CAS ADD) apellyasiya berish va qo‘shimcha “B” testi olinishini talab qilish huquqiga ega.