Yaponiyaning Nagoya shahrida davom etayotgan Osiyo o‘yinlarida boks bo‘yicha yarim final janglari start oldi.
Bugun O‘zbekiston terma jamoasining uch nafar a’zosi final yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tarildi. Yakunda ulardan ikki nafari hal qiluvchi bahsga yo‘l olgan bo‘lsa, yana bir bokschimiz musobaqani bronza medali bilan yakunladi.
Abdumalik Xalokov — finalda!
-60 kg vazn toifasidagi vakilimiz Abdumalik Xalokov yarim finalda mezbonlar vakili Shunsuke Kitamotoga qarshi jang qildi.
Yaponiyalik bokschi o‘z yurtida Abdumalikka qarshi bor imkoniyatini ishga solgan bo‘lsa-da, Xalokov tezkor va aniq harakatlari evaziga jangni o‘z foydasiga hal qildi.
Hakamlar yakunda 4:1 hisobidagi g‘alabani o‘zbekistonlik bokschiga berishdi. Shu tariqa Abdumalik Xalokov Osiyo o‘yinlari finaliga yo‘l oldi.
Fazliddin Erkinboyev — bronza medali sohibi
-80 kg vazn toifasida Fazliddin Erkinboyev yarim finalda hindistonlik Ankushga qarshi ringga ko‘tarildi.
Murosasiz kechgan jang yakunida hakamlar 4:1 hisobidagi g‘alabani hind bokschisiga berishdi.
Shu tariqa Fazliddin Erkinboyev Osiyo o‘yinlarini bronza medali bilan yakunladi.
Jahongir Zokirov — finalda!
+90 kg vazn toifasidagi vakilimiz Jahongir Zokirov yarim finalda eronlik Amir Esmailiga qarshi jang qildi.
Esmaili chorak finalda xitoylik tajribali Danabiyeke Bayekivuzini mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l olgandi. Biroq hal qiluvchi bahsda Jahongir Zokirov unga jiddiy qarshilik ko‘rsatish imkonini bermadi.
Jang Zokirovning ikkinchi raunddagi texnik nokaut bilan g‘alabasi bilan yakunlandi.
Shu tariqa O‘zbekiston boks terma jamoasi Osiyo o‘yinlarida ikkinchi final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Yarim finallar davom etadi
Ertaga Osiyo o‘yinlarida boks bo‘yicha yarim final janglari davom etadi. Kun davomida yana to‘rt nafar o‘zbekistonlik bokschi final yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tariladi.
Juftliklar:
-51 kg: Feruza Kazakova — Vu Yu (Xitoy) — 09:00
-60 kg: Sitora Turdibekova — Lin YU-Ting (Xitoy Taypeyi) — 09:30
-70 kg: Shavkatjon Boltayev — Torexan Sabirxan (Qozog‘iston) — 11:00
-90 kg: To‘rabek Habibullayev — Kapil Pokhariya (Hindiston) — 11:30