Teleboshlovchi va «Arsenal» muxlisi Pirs Morgan «Atletiko» ishqibozlarining Xulian Alvaresga nisbatan salbiy munosabatiga o‘z fikrini bildirdi.
Madrid klubi hujumchisi La Liganing 2-turidan o‘rin olgan «Vilyarreal»ga qarshi uchrashuvda (2:2) 66-daqiqada zaxiradan maydonga tushdi. Argentinalik futbolchi o‘yinga qo‘shilganidan keyin «Atletiko» muxlislari uning deyarli har bir to‘pga tegishida hushtakbozlik qilishdi. Tribunalardagi ayrim muxlislar esa: «Unga aytinglar, bir umrga ketsin!» deya hayqirishdi.
Bundan tashqari, Alvares o‘yin boshlanishidan avval, tanaffusdagi qizish mashqlari paytida va final hushtagidan keyin ham muxlislarning noroziligiga uchradi. Uchrashuvdan so‘ng klub qarori bilan u tribunalarga yaqinlashmay, to‘g‘ri kiyinish xonasiga yo‘l oldi.
Avvalroq Xulian jamoasini o‘zgartirish istagini bildirgandi. Argentinalik hujumchiga «Barselona» va «Arsenal» tomonidan qiziqish mavjud. Ayni paytda «Arsenal» uni xarid qilish imkoniyatini jiddiy ko‘rib chiqayotgani haqida ham xabarlar tarqalmoqda.
«Jirkanch holat. “Arsenal”ga kel, Xulian. Biz senga xudodek munosabatda bo‘lamiz», — deb yozdi Morgan.