«PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike Usmon Dembelega dushanba kuniga qadar qisqa muddatli dam berish qaroriga izoh berdi. Shu sababli fransuz vingeri ertaga «Lill»ga qarshi o‘tadigan Liga 1 bahsida ishtirok etmaydi.
«O‘tgan yili ham shunday holatlar bo‘lgan va biz futbolchilarga tiklanish uchun vaqt berganmiz. So‘nggi uch yil ichida Dembele, Hakimi va Mbappega nisbatan ham shunday yo‘l tutganmiz. Men Usmon Dembelening katta muxlisiman. U biz uchun juda muhim futbolchi. Bu yoz u ta’til paytida Superkubok finallarida ishtirok etish uchun katta harakat qildi. U biz uchun muhim futbolchi bo‘lgan, hozir ham shunday va kelajakda ham shunday bo‘lib qoladi.
U shu hafta to‘g‘ri qaror qabul qildi. Bu yerda jiddiy hech narsa yo‘q. Men biz to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganimizga ishonaman. Qanday qaror qabul qilinmasin, «PSJ» atrofida doimo shov-shuv bo‘ladi. Futbolchilar mening ish uslubimga o‘rgangan. Kelajakda ham avvalgi darajamizni saqlashga harakat qilamiz», — dedi ispaniyalik mutaxassis.
«Bu jihatni alohida ta’kidlash muhim. Jahon chempionatida qatnashgani uchun boshqalarga qaraganda kamroq dam olgan futbolchilarga qo‘shimcha dam kunlari berishga doimo tayyorman. Ba’zan futboldan uzilib, dam olish juda muhim.
Usmonga nisbatan ham xuddi shunday. U qaytib kelish uchun katta harakat qildi va ushbu ikki finaldan keyin unga biroz dam olish imkonini berish muhim. U maydonda haqiqiy yetakchi», — deya qo‘shimcha qildi Luis Enrike.