«Tottenxem» bosh murabbiyi Roberto De Dzerbi Angliya Premyer-ligasidagi ikkinchi mag‘lubiyatdan so‘ng jamoasi o‘yiniga baho berdi. Londonliklar 2-turda «Nyukasl»ga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
«Menimcha, 60–65 daqiqa davomida biz «Nyukasl»dan yaxshiroq o‘ynadik. Gol urish imkoniyatiga ham ega bo‘ldik, ammo undan foydalana olmadik. Raqib gol urganidan keyin esa chiziqlar o‘rtasidagi masofani to‘g‘ri saqlashda muammolar paydo bo‘ldi», — deya De Dzerbining so‘zlarini keltiradi Sky Sports.
«Bizda ko‘proq vaziyatlar bo‘ldi, darvoza tomon ham ko‘proq zarba berdik. Ammo hozircha to‘liq shakllangan jamoa emasmiz. Bir nechta jihatni yaxshilashimiz kerak. Natijani unuting. Men jahl qilmayapman, chunki biz yaxshi ishlayapmiz. Bugun natija borasida omadimiz kelmadi».
Italiyalik mutaxassis jamoada vahima yo‘qligini ham ta’kidladi.
«Biz vahimaga tushmayapmiz. Qayerga ketayotganimizni bilaman. Rejani bilaman va yo‘limizda qanday qiyinchiliklar uchrashi mumkinligini ham tushunaman. Natija uchun muxlislar va futbolchilardan afsusdaman, ammo yaxshilanishimiz shart. So‘nggi ikki yilda sodir bo‘lgan narsalarni 10 kunda yoki bitta transfer oynasi davomida o‘zgartirib bo‘lmaydi».
«O‘tgan mavsumda Chempionshipga tushib ketishga juda yaqin edik. Birgalikda Premyer-ligada qolishga muvaffaq bo‘ldik. Endi esa xotirjamlikni saqlashimiz kerak», — dedi De Dzerbi.
Ikki turdan keyin «Tottenxem» hali ochko jamg‘ara olmagan va APL turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasida bormoqda.