«Nyukasl» bosh murabbiyi Mattias Yayssle Angliya Premyer-ligasining 2-turida «Tottenxem» ustidan 2:0 hisobida qozonilgan g‘alabadan so‘ng jamoasi o‘yiniga yuqori baho berdi.
«Bu ajoyib edi. Klub va murabbiylar shtabi sifatida maydonda o‘yin rejasini yuqori darajada bajarayotgan jamoani ko‘rib turganimizdan juda faxrlanamiz. Futbolchilarning ish jarayoniga to‘liq kirishib ketganini ko‘rish ham juda yoqimli», — deya Yaysslening so‘zlarini keltiradi Sky Sports.
«Bu yaxshi start. Hozir bu lahzadan zavqlanish mumkin. O‘tgan hafta «Liverpul»ga qarshi ham yaxshi o‘ynagandik. Shuning uchun transfer oynasida katta xaridlarni amalga oshirgan yana bir kuchli raqibga qarshi bunday o‘yin biz uchun to‘g‘ri yo‘nalishdagi navbatdagi qadam bo‘ldi».
Mutaxassis raqibning kuchli va zaif tomonlarini tahlil qilish muhimligini ham ta’kidladi.
«Biz qanday sinov kutayotganini bilardik. Ammo unga qanday javob berganimiz menda katta taassurot qoldirdi. Murabbiy sifatida doim raqibga qayerda bosim o‘tkazish mumkinligini izlaysan, o‘sha zonalarni topasan va tahlil qilasan. Bugun aynan shu jihat muhim bo‘ldi. Lekin umumiy olganda, raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z tamoyillarimizga sodiq qolishga harakat qilamiz. Bugun bu ish berdi», — dedi Yayssle.
«Nyukasl» ikki turdan keyin 4 ochko to‘plab, APL turnir jadvalida 3-o‘rinda bormoqda.