“Paxtakor” futbol klubi jamoa himoyachisi Muhammadrasul Abdumajidovning Fransiya chempionatiga yo‘l olishi mumkinligi haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, poytaxt klubiga xorij jamoasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri rasmiy taklif kelib tushmagan. Faqatgina futbolchining agenti tomonidan fransuz klubining xati taqdim etilgan bo‘lib, unda o‘yinchini keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijaraga olish so‘ralgan. Biroq ushbu taklif “Paxtakor”ni qoniqtirmagan. Shuningdek, ayni paytda O‘zbekistonda yozgi transfer oynasi yopilgani ham ta’kidlangan.
Klub matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, jamoa hozirda mavsumning muhim pallasida turibdi va ketadigan futbolchining o‘rnini to‘ldirish imkoniyatiga ega emas.
“ 'Paxtakor’ni oldinda Elit Osiyo Chempionlar Ligasi musobaqasi kutmoqda. Ushbu turnirda munosib ishtirok etish vazifasi qo‘yilgan. Shu sababli ayni paytdagi asosiy maqsadimiz jamoa tarkibini kuchaytirishdan iborat, uni kuchsizlantirish emas.
Agar taklif vaqtliroq kelib tushganida, uni batafsil muhokama qilish mumkin edi. Yozgi transferlar vaqtida ikki nafar markaziy himoyachi boshqa klublarga qo‘yib yuborilgan. Shu tufayli ushbu taklifni faqat qishda ko‘rib chiqish imkoni borligini ma’lum qilamiz”, deyiladi klub xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyaning “Brest” jamoasi “Paxtakor” himoyachisi Muhammadrasul Abdumajidovni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi bo‘lgani, biroq Toshkent klubi futbolchini sotishni istamagani haqida xabar berilgan edi.