Eronning “Istiqlol” jamoasida to‘p tepayotgan o‘zbekistonlik futbolchi Jaloliddin Masharipov 2-sentyabr, chorshanba kuni bo‘ladigan “Persepolis”ga qarshi bahsda maydonga tushishi mumkin.
Masharipov 2026-yilning 1-yanvarida “Sepaxon”ga qarshi uchrashuvda (73-daqiqada zaxiradan maydonga tushib, 90-daqiqada almashtirilgan) jarohat olib, 31-yanvar kuni operasiya qilingan edi. Uzoq vaqt o‘yin amaliyotisiz qolgani hamda individual tiklanish jarayoni cho‘zilgani sababli u 2026-yilgi Jahon chempionatini ham o‘tkazib yubordi.
Hozirgi vaqtda Masharipov sport formasini tiklab, “Istiqlol”ning umumiy guruh mashg‘ulotlariga qo‘shilgan. U Eron chempionatining dastlabki uchta o‘yinida qaydnomaga kiritilgan bo‘lsa-da, maydonga tushmagan edi. Futbolchi 4-tur doirasidagi “Fulad”ga qarshi bellashuvda esa umuman qaydnomaga kiritilmadi. Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, murabbiylar shtabi futbolchini “Persepolis”ga qarshi o‘yinga saqlash maqsadida unga dam berishga qaror qilgan.
Ma’lumot uchun, Eron chempionatining 5-turidan o‘rin olgan “Istiqlol” hamda “Persepolis” o‘rtasidagi uchrashuv 2-sentyabr, chorshanba kuni Toshkent vaqti bilan 21:00 da Isfaxondagi “Naqshi Jahon” stadionida boshlanadi. E’tiborli tomoni shundaki, “Persepolis” safida yana ikki nafar o‘zbekistonlik futbolchi — Oston O‘runov va Igor Sergeev to‘p tepadi.