Frank Riberi faoliyatining ilk bosqichi o‘ta murakkab o‘tgandi. «Tirtiq yuzli yigitcha» Al Pachino filmidagi qahramon kabi bezori edi. Vinger qonunlarni buzmagan, lekin fransuz klublaridagi ishtirokidan keyin «Galatasaroy»da bo‘y ko‘rsatgan. Faqat Istanbuldagi qisqa safardan keyin skautlar e’tiborini tortdi.

«Marsel» bilan shartnoma imzolagan futbolchi tez orada Fransiya terma jamoasining chap qanotida bo‘y ko‘rsatib, JCH-2006da yorqin o‘yin ko‘rsatdi. Shundan keyin 30 mln. yevro evaziga «Bavariya» tarkibidan joy olgan futbolchi Myunxenda 12 yil to‘p surdi. Keyin Riberi erkin agent maqomida «Fiorentina»ga o‘tib, «Salernitana»da faoliyatini yakunladi.

«Bavariya»ning skaut va menejerlari 6 yildan beri chap qanotdan o‘ng oyoqda yaxshi o‘ynaydigan futbolchini izlashadi. Hozircha topshiriq bajarilmagan. Biroq o‘ng qanotda Robbensiz va so‘l qanotda Riberisiz qolgan «Bavariya» bosh murabbiy Flik rahbarligida YECHLda g‘olib chiqqandi. Sayyoramiz koronavirus epidemiyasidan forig‘ bo‘lgan, nufuzli turnirning yozgi pley-off bosqichi ikki emas, bir o‘yinda hal bo‘ladigan palladagi bahs Komanning qadrdon «PSJ» darvozasiga urgan yagona goli bilan yakunlangan. Finalda «Bavariya» Mbappe yoki Neymardan gol o‘tkazib yubormadi. Lekin Koman, Duglas Kosta va Gnabri uzoq vaqt davomida Riberi o‘rnini to‘ldira olmadilar.

Shuningdek, «Bavariya» murabbiylari Devisni chap qanot vingeri pozisiyasiga o‘tkazmadilar. Myunxendagilar Alfonso lateral maqomida ko‘proq manfaat keltiradi, degan qarorga kelishgandi. Yakunda hujum chizig‘ining qanotlari bo‘shab qoldi. Chunki o‘ng qanotdagi chapaqay Aryen Robben YECHLdagi g‘alabadan bir yil avval «Bavariya»ni tark etgandi. Flikning muvaffaqiyati nemis grandi menejerlarini aldadi. Ularga o‘ngda Gnabri, chapda Komanning to‘p surishi yetarlidek ko‘ringandi. Zaxiraga xorvat Perishich mo‘ljallandi. Biroq bir yillik ijaradan keyin Ivan Myunxenni tark etdi. Shuningdek, ispaniyalik vinger Saragosa ham «Bavariya» tarkibidan mustahkam joy olmadi.

Dias - «Liverpul»ning Riberi pozisiyasidagi 3-o‘yinchisi

Frank kabi Dias ham chap qanotdagi o‘ng oyoqda to‘p suradigan o‘yinchi. Luisdan xuddi «Liverpul»ning avvalgi o‘yinchisi singari hujum markazida foydalanishdi. Riberi o‘rniga mo‘ljallangan Mane esa Myunxenda talab darajasida to‘p sura olmadi, jarohatlarga duch keldi, jamoadoshlari esa katta maosh olgani uchun uni yomon ko‘rib qolishdi. Ish haqi va mukofot pullari tufayli janjallashish - «Bavariya»dagi an’ana. Bekkenbauer davridan beri bu tortishuvlar jamoaga xalal beradi. Har mavsum uchun 25 mln. yevro olgan Manega havas qilishgan faxriylar maoshlari ko‘payishini orzu qilishgandi.

«Bavariya»ning chap qanot vingeri g‘altakdan yiqilib tushdi. YECHL doirasidagi «Manchester Siti»ga qarshi o‘yin kuni Mane kiyinish xonasida Sanega hujum qilgandi. Bu ham Myunxen klubi uchun yangilik emas. Riberi va Robben mushtlashishganda Frank 50 ming yevro jarima to‘lagandi. Manening jarimasi ko‘proq - 350 ming. Senegallik futbolchi Saneni irqchilikka oid haqorat qilganlikda ayblagandi. Leroyning qora tanli ekanligi mojaroga «moy» quydi. Aftidan, janjalkash Leroy Maneni haqorat qilgan, chunki murabbiy va menejerlar uning jarimasini 2 mln. yevrodan kamaytirishgandi.

Levandovski «Barselona»ga ketganidan keyin, Mane soxta hujumchi rolida ham, chap qanot vingeri pozisiyasida ham risoladagidek to‘p sura olmadi. Myunxendagi yagona mavsumida Sadio Bundesliga va YECHL doirasida 16ta samarali harakatni amalga oshirgan bo‘lsada, mutasaddilar undan yanada sermahsul ishtirokni kutishgandi. Shu bois, Maneni «Al-Nasr»ga jo‘natishdi. Manedan bir necha yil avval Klopp jamoasida yorqin o‘yin ko‘rsatgan Koutinyo ham «Bavariya»da o‘rnasha olmagandi. APL yulduzi maqomidagi Koutinyo so‘nggi mavsumidagi sermahsul ishtirokdan keyin 135 mln. yevro evaziga «Barselona»ga yo‘l olgach, aynan Sadio uning o‘rnini egallagandi. Filippe esa Kataloniyada yaxshi o‘yin ko‘rsata olmay, «Bavariya» safida ijara asosida to‘p surdi va YECHLda g‘olib chiqdi. Biroq nemislar uni xarid qilishmadi. Braziliyalik hujumchi ham Mane kabi pastga sho‘ng‘ib, Qatar klubidan panoh topdi. Hozir u o‘z vatanida «Vasku da Gama» sharafini himoya qilmoqda.

«Bavariya» rahbariyati o‘tmishdagi omadsizliklar Luis Diasning faoliyatiga xalal bermaydi, degan qarorga kelishdi. Nemislar o‘z klublari tarixidagi eng qimmat transferlardan birini amalga oshirishdi. Ular faqat «Tottenxem» hujumchisi Garri Keyn va «Atletiko» himoyachisi Lyuka Ernandes uchun ko‘proq mablag‘ sarflashgan. Musialaning jarohati Keynning tarafdorlariga bosim o‘tkazmaydi.

Agar jarohatlar bo‘lmaganida, Jamol Kimmix bilan hamkorlikda «Bavariya» hujum chizig‘ining turli pozisiyalarida dirijyorlik rolini ado etgan bo‘lishardi. Germaniya terma jamoasining dispetcherlari hujumchi Keyn bilan muomala qilishni bilishadi, lekin KJCHda Donnarumma Musialaning oyog‘ini sindirib qo‘ydi. Germaniyalik futbolchi Janluijini xafa qilmaslik va tahdid solmasliklarini iltimos qildi. Chunki italiyalik darvozabon ushlash qiyin bo‘lgan to‘pni qaytarmoqchi bo‘lganida, raqibining ustiga yiqilib tushgandi. Musiala jarrohlik stoliga yotqizilib, salomatligini tiklamoqda. «Bavariya»da hozir «o‘nlik» yo‘q, lekin murabbiy Kompani «4-3-3» sxemasidan foydalanishi mumkin. Shunda Kimmix «o‘nlik» rolini bajaradi.

Keyn xuddi «Liverpul»dagi Firmino kabi ortga chekinishni yaxshi biladi. Fransiyalik Olise va kolumbiyalik Dias hujum markaziga o‘tib, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishadi. Gnabri va Komanning pozisiyasi e’tibordan chetda qolishi mumkin. Chunki ular bahorda «Bavariya» uchun YECHL Kubogini qo‘lga kirita olmadilar. Sane «Galatasaroy»ga o‘tib ketdi. Turklar unga manfaatli shartnomani taklif etishdi. «Bavariya» «Real» vingeri Rodrigoni oltin sohibiga aylantirishi mumkin edi, biroq braziliyalik o‘yinchi Bundesligada o‘ynashni istamaydi. Diasning xarididan keyin, mutasaddilar Musiala o‘rniga vaqtinchalik nomzod izlash kerakligi xususida bir to‘xtamga kelishlari lozim. Ular «Real»dagi Braim va «RB Leypsig»dagi Simons nomzodlarini ko‘rib chiqishdi.

Dias «Bavariya» uchun chap qanotdagi dastlabki tanlov emas. Jamoa Virsga qiziqib ko‘rdi, lekin endi Florian «Inter» safida. Pulga muhtoj bo‘lgan «Liverpul» esa Luis Diasni klub tarixidagi uchinchi eng qimmat bahoda sotib yubordi. Undan qimmatroqqa baholangan Koutinyo va Suaresni «Barselona» xarid qilgandi. Bozor aqldan ozmoqda, lekin ruhshunoslarga murojaat qiladigan mard yo‘q.

«Bavariya» afsonasi bo‘lgan Myuller haq - transferlar qiymati hech narsani anglatmaydi. Himoyachi Ernandes kabi 80 millionli futbolchi talab darajasida o‘ynay olmasligi mumkin, «Chelsi» maktabidan tortib olingan Musiala esa qisqa vaqt ichida Germaniya chempionining yetakchi o‘yinchisiga aylandi. Luis Dias Bundesligada sifatli o‘yin ko‘rsata oladi. Chunki u yerdagilar hujumkor o‘yinni xush ko‘rishadi. «Bavariya» muntazam ravishda bosim o‘tkazadi. Chap qanotdagi o‘ng oyoq o‘yinchi esa doimo darvozani zabt etish istagida. Dias uchun ajoyib kelishuv, lekin Angliyada intizom sal ozlik qildi. Nemislar esa yana bir marta Riberi kabi bezori yigitchaga ishonch bildirishdi.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi