“Xorazm” — “Andijon” (0:3) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Sergey Tokov ishtirok etdi.
— Nima ham derdim? Balki biroz charchagandirmiz. O‘yinchilar doimgidek harakat qilishyapti. Darvozamizga 30 metrdan gol urayotgan bu uchinchi jamoa. Afsuski, bizda bunday gollar uchramayapti. Tajriba baribir o‘z so‘zini aytadi. Alamli gollarni o‘tkazib yubordik. Muozanatni yo‘qotishimiz ham charchoq bilan bog‘liq. Ikkinchi taymda vaziyatni o‘zgartirish uchun qancha harakat qilmaylik, baribir natija o‘xshamadi. Ko‘rinib turibdiki, nimadir yetishmayapti. O‘z ustimizda ishlaymiz.
— O‘tgan safargi intervyuingizda o‘zbek futboli rivojiga hakamlar xalaqit qilyapti deb aytgandingiz...
— Unday ma’noda gapirmagandim. Hakamlar oxirigacha o‘ynashga imkoniyat berishi kerak, degan mazmunda gapirgandim. Ortiqcha gapirmoqchi emasman. O‘z jamoam haqida gapiraman. Muammolarimiz ko‘rinib qoldi. Fikr bildirish qiyin, nimadir bo‘ldi, nimadir bo‘lmadi. Hissiyotga berilishni xohlamayman. Kimnidir aybdor qilishdan hech qanday mantiq yo‘q.
— FIFA kunlarida jamoaning keyingi rejalari qanday?
— Avvalo, futbolchilarimizni tiklashimiz kerak. Bir oyda 6 ta o‘yin o‘tkazdik. O‘yinchilar albatta tiklanishlari kerak. Asosiy himoyachimiz birinchi taymdan so‘ng o‘zini almashtirishni so‘radi, o‘zini yomon his qilayotgandi. Jarohati yo‘q, ammo bunday ketma-ket uchrashuvlarda o‘ynash juda qiyin. Kubok o‘yinlari ham bor. Kim yaxshiroq holatda bo‘lsa, o‘shalarni o‘ynatamiz. Kubokda yaxshi natijalar ko‘rsatishga harakat qilamiz. Guruhdan chiqishga intilamiz. Yoshlarni ham safimizga qo‘shib kelyapmiz va ularga ham imkoniyat beramiz. O‘ylaymanki, yechib bo‘lmaydigan muammo yo‘q.
— O‘tgan o‘yinlarni qanday baholaysiz?
— Yuqori natijalarni ko‘rsatishimizni xohlayman. Seleksiya ishlarini olib boramiz va chiziqlarni yanada kuchaytirish ustida ishlaymiz. 3 nafar futbolchimizda jarohat bor. Shuningdek, bizda iqtidorli yoshlar ham bor, ularga tajriba kerak.
— Jamoani kuchaytirish uchun qanday ishlar olib boriladi?
— Bu borada rahbariyat bilan gaplashamiz. 3-4 ta pozisiyani kuchaytirish bo‘yicha aniq rejalarimiz bor. Yoshlar orasida bu chiziqlarni to‘liq yopib bera oladiganlar hali yetarli emas. Raqobat uchun yana bir qator o‘yinchilar kerak.
Tokov so‘nggida raqib haqida ham fikr bildirdi:
— Bugungi raqibimizni ham to‘g‘ri tushunish kerak — ular kuchli edi. Tarkibida Cheran, Boake kabi kuchli futbolchilar bor. Ularning maoshi bizning barcha legionerlarimiznikidan ham yuqori bo‘lishi mumkin. Biz xarakter ko‘rsatishga harakat qildik, ammo mahorat yetishmadi. Ishlashda davom etamiz. Mag‘lubiyatsiz futbol bo‘lmaydi.
Shuningdek, murabbiy chempionat haqida ham to‘xtaldi:
— Turnir jadvali juda zich. Bir g‘alaba jamoani yuqoriga olib chiqadi, mag‘lubiyat esa pastga tushiradi. Hozircha autsayder bitta — “Mash’al”. Qolgan jamoalar oldinga intilayapti. Superligada kurash tobora qizib bormoqda.