"Lokomotiv" bosh murabbiyi Mirko Yelichich Superliganing 11-turi doirasida bo‘lib o‘tgan "Qizilqum"ga qarshi o‘yin (1:0) borasida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
— O‘yin juda og‘ir o‘tdi. 65–70 daqiqa mobaynida o‘yinni nazorat qildik. Goldan keyin esa natijani saqlab qolishga harakat qildik. “Qizilqum” oxirigacha kurashishini bilardik, chunki jamoaning jismoniy holati juda yaxshi. 3 ochkodan mamnunman. Og‘ir va muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdik. “Qizilqum”ning o‘tgan o‘yinlarini ko‘rganimizda, ular oxirigacha kurashganini bilgandik. Sifatli o‘yin orqali g‘alabaga erishdik.
— Birinchi va ikkinchi bo‘limlardagi o‘yinni qanday baholaysiz?
— Gol urganimizdan keyin nimalardir o‘zgarishi kerak edi. O‘yinni nazorat qilish biz uchun yaxshiroq bo‘ldi. Shunchaki vaziyatlar bo‘lganda o‘zimizni yo‘qotib qo‘ydik. Lekin o‘yindan o‘yinga yaxshilanib boryapmiz. Chunki jamoa futbolchilari bunday bosimlarga o‘rganib qolishdi. To‘pni oldinga tepib yuborib, faqat kurashish — bizning uslub emas. Bugun esa oxirigacha kurashib, ochkolarni qo‘lga kiritdik.
— 11 ta turdan keyin jamoa o‘yinidan qoniqyapsizmi?
— Ha, mamnunman. Yomon o‘ynagan uchrashuvimiz bo‘lmadi. 11 o‘yindagi sifat menga ma’qul keldi. Bizga barqarorlik yetishmayapti. Lekin bu yangi jamoa, buni hamma tushunib turibdi. Futbolchilar o‘zlariga bo‘lgan ishonchni his qilishmoqda. Ular qaysi jihatlarni yaxshilash kerakligini bilishadi. Yozda tarkibning ayrim nuqtalarini kuchaytirishimiz kerak. Kubok o‘yinlaridan keyin bu borada jiddiy ishlaymiz.
— Kubokdagi vazifa qanday?
— Kubokka jiddiy qarayyapmiz. Kubok orqali xalqaro maydonga yo‘llanma borligini hamma tushunib turibdi. Bu juda yaxshi imkoniyat. Chunki “Lokomotiv” OCHLda o‘ynamaganiga ancha bo‘ldi. Shu sababli Kubok biz uchun muhim. Biroq shu bilan birga, bu musobaqada kam o‘ynagan futbolchilarga ham imkoniyat berishimiz mumkin. Hozir asosiy maqsad — balans va barqarorlikni topish.