UYEFA Jahon chempionati huquqlarini sotish rejasi tufayli FIFAga sud da’vosi bilan tahdid qildi.
UYEFA Jahon chempionati huquqlarining bir qismini sotish rejasi munosabati bilan FIFA prezidenti Djanni Infantinoga qarshi da’vo arizasi kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Avvalroq FIFA turnir huquqlarini sotish uchun «FIFA Forward Enterprise» (FFE) nomli yangi tijorat tuzilmasini tashkil etishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Keyinchalik Infantino futbol konfederasiyalari tomonidan bildirilgan tanqidlar hamda UYEFAga a’zo mamlakatlar tomonidan JCHga boykot e’lon qilinishi tahdidi fonida bu g‘oyadan voz kechishga qaror qilgandi.
The Telegraph xabariga ko‘ra, UYEFA rahbariyati FIFA va Infantinoni FIFA Forward Enterprise loyihasi bilan bog‘liq hech qanday materiallarni yo‘q qilmaslikdan ogohlantirgan. Yevropa futbol assosiasiyalari ittifoqi, shuningdek, Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerning akasi Djoshua Kushnerni ham ehtimoliy sud da’vosi haqida xabardor qilgan — FIFA sho‘’ba korxonasi aksiyalarining 20 foizini aynan unga sotishni rejalashtirgan edi. Bundan tashqari, loyihani tayyorlashda ishtirok etgan BANN Ventures rahbari Greg Maffey, JP Morgan banki va OpenEconomics tashkilotiga ham tegishli xatlar yuborilgan.
«UYEFA FFE’ni tashkil etish bo‘yicha taklif qilingan rejadan kelib chiqqan holda, sud da’volari va/yoki nazorat qiluvchi organlarga shikoyatlar berishni faol ravishda ko‘rib chiqayotgani haqida rasman xabardor qiladi.
Siz va FIFA ixtiyoringizda, saqlanishingizda yoki nazoratingizda bo‘lgan, ushbu ogohlantirishda tavsiflangan barcha hujjatlar hamda elektron shaklda saqlanayotgan ma’lumotlarni zudlik bilan aniqlash, joylashuvini belgilash va saqlab qolish choralarini ko‘rishingiz shart. Ushbu majburiyatlar siz yoki tashkilotingiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan har qanday ichki saqlash siyosatidan qat’i nazar yuzaga keladi va aks holda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan hujjatlarni yo‘q qilishning odatiy qoidalaridan ustun turadi.
UYEFA, shuningdek FIFAning boshqa konfederasiyalari, a’zo-assosiasiyalari va manfaatdor tomonlari FFE rejasini futbolning to‘g‘ri boshqaruviga tubdan mos kelmaydigan deb keskin qoraladilar. Sud jarayoni boshlanishini kutish mantiqan to‘g‘ri ekanligini inobatga olib, siz zudlik bilan sizdagi sizda mavjud bo‘lgan tegishli materiallarni saqlab qolishga majbursiz», — deyiladi UYEFA tomonidan FIFA prezidentiga yuborilgan xatda.
Xatda ta’kidlangan va tegishli ma’lumotlarga ega bo‘lgan shaxslar orasida Infantinodan tashqari FIFAning global rivojlanish bo‘limi rahbari Arsen Venger, bosh kotib Mattias Grafstryom va operasion direktor Kevin Lamur ham tilga olingan.
«UYEFA ushbu ogohlantirish olinganidan so‘ng — yoki bo‘lajak sud jarayoni haqida bilgan yoki aqlan bilishingiz kerak bo‘lgan har qanday oldinroq sanadan so‘ng — tegishli materiallarning har qanday yo‘q qilinishi, o‘chirilishi, o‘zgartirilishi, yashirilishi yoki yo‘qotilishi dalillarni o‘g‘irlash deb baholanishi mumkinligini rasman ma’lum qiladi. UYEFA bunday yo‘q qilish yoki yo‘qotish bo‘yicha sud jarayonida tegishli huquqiy himoya choralarini ko‘rish, jumladan nomaqbul xulosalar chiqarish, sanksiyalar qo‘llash va aybdor tomon yoki tomonlardan xarajatlarni undirish bo‘yicha arizalar berish huquqini o‘z orqasida saqlab qoladi», — deyiladi xatda.